Surxondaryoda oʻqituvchilardan ehson uchun majburiy tarzda pul yigʻildimi?

Surxondaryoda oʻqituvchilardan ehson uchun majburiy tarzda  pul yigʻildimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Jarqo‘rg‘on tumanidagi 33-umumta’lim maktabida o‘qituvchilardan majburiy pul yig‘ish bo‘yicha topshiriq berilgani haqida xabar tarqaldi.

 

Surondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat yuzasidan ma’lumot berdi. Unga ko’ra, Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Jarqo‘rg‘on tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan ta’lim muassasalari xodimlaridan pul mablag‘larini yig‘ish bo‘yicha hech qanday topshiriq yoki ko‘rsatma berilmagan.

 

Shuningdek, boshqarma o‘qituvchilardan majburiy tarzda pul yig‘ish kabi noqonuniy holatlarni qat’iyan qoralashini ma’lum qilgan.

 

Holat haqida qisqacha

 

Kun.uz manbasining xabar berishicha, Jarqo‘rg‘on tumanidagi 33-umumta’lim maktabida o‘qituvchilardan majburiy pul yig‘ish bo‘yicha topshiriq berilgan. “Hozir menga hokim o‘rinbosari Anvar Rajabov telefon qildi. Ertaga ertalab soat 9:00 gacha 1 mln pulni hokimiyatga olib borib berishimiz kerak ekan! Darsim yo‘q edi, xabarim yo‘q edi demanglar”, deya yozgan maktab direktori Oysara Uzoqova o‘z topshirig‘ida.

 

O’qituvchilarning ma’lum qilishicha, tuman hokimligi hamda maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi turli majburiy pul yig‘imlarini “o‘ylab tomoqda”.

 

“Ayni vaqtda “Ramazon ehsoni” niqobi ostida turli sabablar bilan pul yig‘ilyapti. Qaysidir maktab ta’miriga ham, qaysidir kam ta’minlangan oilalarga ham biz pul yig‘ib beradigan bo‘lsak, davlat tomonidan ajratilayotgan pullar, turli jamg‘armalardagi mablag‘lar qayerga ishlatilmoqda unda?” – deyiladi pedagoglar murojaatida.

Holat yuzasidan maktab direktori bilan gaplashilganda, u shu kunlarda Toshkentda o’qishda ekanligini aytgan va pul yig’imi haqidagi ma’lumotlarni inkor etmagan. Shuningdek, direktor Oysara Uzoqova ushbu topshiriq bajarilmagani, pedagoglardan pul yig‘ilmaganini ma’lum qilgan.