Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida faol fuqarolik pozitsiyasi, innovatsion tashabbuslari va jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi bilan ajralib turgan yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida yangi mukofot — “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. Hukumatning tegishli qarori bilan ushbu nishon bilan taqdirlash tartibi, nomzodlarni saralash mezonlari hamda mukofotni topshirish mexanizmi belgilab berildi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-fevraldagi 68-sonli qarori bilan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” ko‘krak nishonini ta’sis etildi.
Ushbu ko‘krak nishoni bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etib kelayotgan, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun kuch-g‘ayrati, zamonaviy bilim va malakasi, ma’naviy-intellektual salohiyatini namoyon etgan, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan hamda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida ilg‘or tashabbuslari, vatanparvarligi, fidoyiligi va namunali faoliyati bilan ajralib turgan fuqarolar taqdirlanadi.
Ko‘krak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
Ko‘krak nishoniga nomzodlar ro‘yxati “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari, maktablar va Prezident maktablari hamda “Yangi O‘zbekiston” universiteti bitiruvchilari, “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusi ishtirokchilari, shuningdek, dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari va xalqaro tashkilotlarida bilim hamda tajriba orttirgan iqtidorli vatandoshlarni birlashtiruvchi Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamiyati doirasidagi doirasida shakllantiriladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi nomzodlar ro‘yxatini shakllantirish, taqdim etish va ko‘rib chiqish masalalarini tashkil etish bo’yicha ishchi organ hisoblanadi.
Taqdimnomalarni ko‘rib chiqish uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi vakillaridan iborat 9 kishilik ishchi guruh tuziladi.
Taqdirlashga oid taqdimnomalar har yil 1-martga qadar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga kiritadi.
Taqdimnomaga quyidagilar ilova qilinadi:
- nomzodning ma’lumotnoma-obyektivkasi;
- Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamiyati doirasi amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan tavsifnoma;
- shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (pasport yoki ID-karta).
Nomzodlarni baholashda quyidagilar inobatga olinadi:
- Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida nomzodning faol fuqarolik pozitsiyasi va yondashuvlari;
- davlat dasturlarini ishlab chiqish va strategik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etganligi;
- o‘zining zamonaviy bilim va malakasi, ma’naviy-intellektual salohiyati, ilmiy-innovatsion loyihalari, kreativ g‘oya va amaliy takliflari bilan mamlakatimiz taraqqiyotini yuksaltirish va uning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirishga qo‘shgan hissasi;
- davlat va jamiyat manfaatlariga daxldor bo‘lgan iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, ekologiya kabi sohalarda dolzarb muammolarni hal qilishdagi alohida tashabbuslari va faol ishtirok etganligi;
- zamonaviy va ilmiy jihatdan asoslangan ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida amaliyotga tatbiq etganligi;
- nomzodning “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirishdagi ishtiroki va natijadorligi;
- Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyati faoliyatini yo‘lga qo‘yish va uning samarali ish yuritishini ta’minlashga qo‘shgan hissasi;
- namunali xulq-atvori, vatanparvarligi, fidoyiligi, o‘qish va mehnat faoliyatidagi muvaffaqiyatlari hamda jamoatchilik faoliyatida erishgan alohida yutuqlari.
Ishchi guruh hujjatlarni umumlashtirib, har yil 25-martga qadar eng munosib nomzodlar bo‘yicha xulosa tayyorlaydi.
Ishchi guruh xulosasi asosida hujjatlar Respublika komissiyasiga yuboriladi.
Respublika komissiyasi yig‘ilishida nomzodlar faoliyati o‘rganilib, har yil 20-mayga qadar taqdirlash to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Chet el fuqarolari Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda taqdirlanadi.
Ko‘krak nishoni har yili Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamiyati qurultoyida topshiriladi.
Taqdirlangan shaxslarga belgilangan namunadagi guvohnoma ham beriladi.
Taqdirlanganlar ro‘yxati vakolatli organlarning rasmiy veb-saytlari va OAVda e’lon qilinadi.
Bir shaxs ko‘krak nishoni bilan bir marta taqdirlanadi.
Ko‘krak nishoni davlat mukofotlaridan keyin ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.


