Pedagoglarga ipoteka krediti boshlangʻich badalining bir qismi qoplab berish boʻyicha savollarga javoblar

Pedagoglarga ipoteka krediti boshlangʻich badalining bir qismi qoplab berish boʻyicha savollarga javoblar

Vazirlar Mahkamasining “Oliy malaka toifasiga (bosh oʻqituvchi lavozimiga) ega boʻlgan pedagoglarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan kamida 15 yil pedagogik ish stajiga va oliy malaka toifasiga ega boʻlgan pedagoglarga Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari boshlangʻich badalining 25 foizini qoplab berish uchun davlat byudjetidan subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi.

 

Pedagoglar ushbu imtiyozga ega boʻlish uchun nimalarga eʼtibor berishi lozim? Buning uchun qayerga murojaat qilinadi va qanday hujjatlar zarur? Subsidiya miqdori qancha va qay tartibda ajratiladi?

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova ushbu savollarga javob berdi.

 

Qarorga asosan, subsidiya olish istagidagi pedagoglar ariza berayotgan vaqtda kamida 15 yil pedagogik ish stajiga va oliy malaka toifasiga ega boʻlishi, shuningdek, taʼlim tashkilotida faoliyat olib borayotgan, 60 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlishi lozim.

 

Talabgor pedagoglar ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiya olish uchun istalgan hududdagi Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali roʻyxatdan oʻtgan holda ariza berishlari hamda tegishli soʻrovnomani toʻldirishlari mumkin.

 

Davlat xizmatlari markazlarida ariza berilayotganda, markaz xodimi ariza beruvchi nomidan soʻrovnomani elektron toʻldiradi hamda soʻrovnomada qayd etilgan maʼlumotlardan tashqari boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.

 

Unutmang! Soʻrovnomani toʻldirishda notoʻgʻri yoki asossiz maʼlumotlarning kiritilishi Sizning arizangizning rad qilinishiga sabab boʻlishi mumkin.

 

Ariza topshirilgandan soʻng, soʻrovnomadagi maʼlumotlar subsidiya.idm.uz tizimiga va u orqali masʼul tashkilotlarning axborot tizimlariga yuboriladi.

 

Bunda, koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlar ijtimoiy mezonlarga mosligi tegishli tashkilotlar tomonidan tekshiriladi.

 

Xususan, ariza beruvchi va er yoki xotin oʻrtasida rasmiy nikoh tuzilganligi, ariza beruvchi va turmush oʻrtogʻining nomida respublikaning barcha hududlarida 2 va undan ortiq mulk huquqi bilan turar joy mavjud yoki mavjud emasligi, pedagogik faoliyat boʻyicha kamida 15 yil ish stajiga ega yoki ega emasligi hamda pedagog sifatida faoliyat yuritayotganligi, shuningdek, oliy malaka toifasiga ega pedagog ekanligi, kredit tarixi, bank ichki talablariga muvofiqligi koʻrib chiqiladi.

 

Arizalarni qayd etish ketma-ketligini belgilashda oʻzining va turmush oʻrtogʻining nomida turar joy mavjud boʻlmagan pedagoglarga ustuvorlik beriladi.

 

Tegishli tashkilotlar orqali ariza beruvchining maʼlumotlari ijtimoiy mezonlar asosida baholanib boʻlingandan soʻng, unga subsidiya ajratish yoki uni rad etish toʻgʻrisidagi elektron xabarnoma 1 ish kuni ichida arizachining shaxsiy kabinetiga yuboriladi.

 

Davlat xizmatlari markazlari orqali ariza bergan pedagoglar mazkur xabarnomani aynan shu markazlar orqali olib ketishlari mumkin.

 

Agar ariza beruvchi tomonidan arizada koʻrsatilgan maʼlumotlar notoʻgʻri, soxta boʻlganda yoki yoki kamida bitta ijtimoiy mezonga mos kelmaganda subsidiya ajratish avtomatik tarzda rad etiladi. Bunda, ariza beruvchi umumiy tartibda takroran murojaat qilishga haqli.

 

Subsidiya bir oila vakili, yaʼni er yoki xotinga faqat bir marta beriladi.

 

Talabgorlar subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi xabarnomani olgandan soʻng, uy-joyni ipoteka krediti orqali sotib olish boʻyicha qurilish (pudrat) tashkiloti bilan birlamchi shartnoma tuzadi.

 

Shundan soʻng, subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi xabarnoma, qurilish tashkiloti bilan tuzilgan birlamchi shartnoma, talabgorning oʻz mablagʻlarini bankdagi hisob varagʻiga joylashtirganligi toʻgʻrisidagi hujjat, ipoteka krediti boʻyicha birgalikda qarz oluvchining, kafilning tegishli maʼlumotlari bankka taqdim etiladi.

 

Bank tomonidan ushbu hujjatlar 5 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi hamda talabgorning arizasini qanoatlantirish yoki uni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

 

Quyidagi rasmlarda uy-joy sotib olish uchun oliy malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagoglarga subsidiya ajratish va to‘lash sexemasi ko‘rsatib o‘tilgan:

Pedagoglarga ipoteka krediti boshlangʻich badalining bir qismi qoplab berish boʻyicha savollarga javoblar Pedagoglarga ipoteka krediti boshlangʻich badalining bir qismi qoplab berish boʻyicha savollarga javoblar