2026-yildan boshlab kamida 15 yillik pedagogik ish stajiga va oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilar uchun ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Vazirlar Mahkamasining “Oliy malaka toifasiga (bosh oʻqituvchi lavozimiga) ega boʻlgan pedagoglarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga koʻra:
2026-yildan boshlab:
— kamida 15 yil pedagogik ish stajiga va oliy malaka toifasiga ega boʻlgan pedagoglarga Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari boshlangʻich badalining 25 foizini qoplab berish uchun davlat budjetidan subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi.
Qarorga asosan:
— ipoteka krediti boshlangʻich badalining 25 foizi qonunchilik hujjatlarida belgilangan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishning eng koʻp miqdorlaridan kelib chiqib aniqlanadi;
— subsidiya olish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi hamda ushbu jarayondagi barcha xizmatlar bepul koʻrsatiladi;
— subsidiya olish uchun kelib tushgan arizalar “subsidiya.idm.uz” elektron platformasi orqali inson omilisiz koʻrib chiqiladi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining “subsidyplatform.mf.uz” toʻlov platformasi orqali avtomatik tarzda toʻlab beriladi;
— mazkur subsidiyalarni moliyalashtirish uchun davlat budjetidan har yili 200 mlrd soʻmgacha mablagʻ yoʻnaltiriladi;
Shuningdek, mazkur qaror bilan tasdiqlangan tegishli Nizomga asosan:
— subsidiya ariza beruvchining roʻyxatga olingan doimiy yashash joyidagi hudud (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) doirasida qurilgan uy-joylar uchun yoʻnaltiriladi;
— pedagoglar subsidiya olish uchun davlat xizmatidan foydalanish uchun tegishli soʻrovnomani YAIDXP orqali elektron tarzda yoki Davlat xizmatlari markaziga kelgan holda Markaz xodimi orqali toʻldirishi mumkin;
— soʻrovnomada koʻrsatilgan maʼlumotlar masʼul tashkilotlarning axborot tizimlari orqali belgilangan ijtimoiy mezonlarga muvofiq yoki muvofiq emasligi boʻyicha avtomatik ravishda tekshiriladi;
— baholash natijalaridan kelib chiqib, ariza beruvchiga subsidiya ajratish yoki subsidiya ajratishni rad etish toʻgʻrisidagi elektron QR-kod qoʻyilgan xabarnoma bir ish kuni ichida Davlat xizmatlari markaziga va YAIDXPdagi shaxsiy manziliga yuboriladi;
— xabarnomani olgan talabgor uy-joyni ipoteka krediti orqali sotib olish boʻyicha qurilish (pudrat) tashkiloti bilan birlamchi shartnoma tuzadi hamda mazkur shartnoma va boshqa tegishli hujjatlarni tijorat bankiga taqdim qiladi;
— tijorat banki tegishli hujjatlar toʻliq taqdim qilingandan soʻng besh ish kuni ichida qarz oluvchiga kredit berish masalasini oʻrganib chiqadi hamda arizani qanoatlantirish yoki uni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
— ipoteka krediti boʻyicha boshlangʻich badal summasi ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishning eng koʻp miqdorlari doirasida ajratiladigan ipoteka krediti miqdoridan kelib chiqib hisoblanadigan uy-joy qiymatining 15 foizi miqdorida aniqlanadi;
— ajratilgan ipoteka krediti boʻyicha boshlangʻich badalning 25 foizi davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Qarorning to‘liq matni bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.
