Endi direktorlar zo‘ravon pedagoglarni ishdan olishi mumkin. Bunga odamlar nima deydi?

Endi direktorlar zo‘ravon pedagoglarni ishdan olishi mumkin. Bunga odamlar nima deydi?

Kecha Talimxabarlari.uz saytida bolalarga nisbatan zoʻravonlikka yoʻl qoʻygan pedagoglar bilan mehnat shartnomasi direktor tashabbusi ko‘ra bekor qilinishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.

 

Mazkur xabar e’lon qilingach, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Telegram kanal izohlarida turli xil mazmundagi munosabatlar bildirdi. Ayrimlar bu qarorni qo‘llab-quvvatlasa, boshqalar o‘qituvchining mavqeini himoya qilish zarurligini ta’kidlagan.

 

G.R. ismli foydalanuvchi ustozning obro‘si va sinfdagi tartibni saqlash muhimligini ta’kidlab, ayrim ota-onalarning munosabati ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini yozgan.

 

— Soʻz isboti bilan ustoz hech qachon bolani nohaq urmaydi. Bolasidan ham kichkina bola gap qaytarsa, agar ustoz oʻsha bolaga nisbatan chora koʻrmasa, ertaga tengqurlari ham ustozni inobatga olmay qo‘yadi.

 

Yana bir foydalanuvchi rivojlangan davlatlarda o‘quvchilarga nisbatan jismoniy jazo qo‘l ko‘tarilmasligini, bu teskari natija berishi ilmiy jihatdan isbotlanganini qayd etgan.

 

Ba’zi kuzatuvchilar esa o‘qituvchining qat’iy choralarini qo‘llab-quvvatlab, sinfda tartib-intizomni saqlash oson emasligini ta’kidlagan.

 

— Bolangiz bilim olish uchun ‘‘tayoq yesa’’ hech nima qilmaydi. “Go‘shti sizga, suyagi bizga” deyish kerak. O’qituvchi hech qachon besabab qo‘l ko‘tarmaydi. Masalan, men o’qituvchi o’quvchini bilim olishi uchun ursa, qarshi emasman.

 

Shuningdek, Z.N. ismli foydalanuvchi ayrim o‘quvchilarning xatti-harakati butun sinfga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini qayd etgan.

 

— Bir oʻquvchi darsingizda gaplashadi darsga xalal beradi. Qayta-qayta ogohlantirasiz, uning ahvoli baribir shu. Siz chora koʻrmasangiz, qolgan oʻquvchilar ham shunday qilishmasmikan. Dars yaxshi emasdir, oʻtolmassiz, shundan gaplashadi deganlar uchun ming yonib dars oʻtsangiz ham sinfda darsga qiziqmaydigan faqat oʻyin uchun keladigan oʻquvchilar topiladi. Ular oʻziku mayli yonidagilarga ham taʼsir oʻtkazadi.

 

Mazkur masala yuzasidan fikrlar turlicha bo‘lsada, ko‘pchilik ta’lim jarayonida bolalar manfaatlari ustuvor bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.

 

Siz ham ushbu mavzu yuzasidan fikrlaringizni telegramdagi @talimxabarlariga_bot murojaatlar botiga yuborishingiz mumkin.