Ijtimoiy tarmoqlarda Andijondagi Ulugʻnor tuman MMTB mudiri, oʻrinbosari va 4 nafar maktab direktori qimor oʻynayotganda qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi.
Ma’lum qilinishicha, holat joriy yilning 14-yanvar kuni soat 20:30 dan 21:30 oralig‘ida sodir bo‘lgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Baliqchi tumani Markaz MFY hududida joylashgan “X” choyxonasida qimor oʻyini tashkil etilgani va oʻynalgani aniqlangan.
Tezkor tadbir davomida Ulugʻnor tumani MMTB mudiri, MMTB mudiri oʻrinbosari, shuningdek, MMTBga qarashli bir qator umumiy oʻrta taʼlim maktablari direktorlari qimor oʻyinida ishtirok etayotgan vaqtida ushlangan.
Ashyoviy dalil sifatida ishtirokchilar yonidan 617 000 soʻm pul, 28 dona oʻyin kartasi, shuningdek davradan 205 000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari rasmiylashtirib olingan.
Ular MJTKning 191-moddasi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish) bilan ayblanib, sud tomonidan jarimaga tortilgan.
Avvalroq, Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘z xizmat xonasida qimor o‘ynayotganda qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.


