Endi maktab direktorlari bolalarga nisbatan zoʻravonlik qilgan pedagoglarni ishdan olishi mumkin

Endi maktab direktorlari bolalarga nisbatan zoʻravonlik qilgan pedagoglarni ishdan olishi mumkin

Bolalarga nisbatan zoʻravonlikka yoʻl qoʻygan pedagoglar bilan mehnat shartnomasi direktor tashabbusi ko‘ra bekor qilinishi mumkin. Bu haqda maktabgacha va maktab taʼlim vazirining 2026-yil 19-yanvar 18-sonli buyrugʻida maʼlum qilingan.

 

Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-dekabrdagi PF-256-son Farmoni hamda “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilingan bo‘lib, bolalarga nisbatan zoʻravonlikning barcha shakllariga boʻlgan murosasizlik muhitini shakllantirish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan.

 

Yangi tartibga ko‘ra, ta’lim tashkilotlarining namunaviy odob-axloq qoidalari, ichki mehnat tartibi hamda xodimlarning lavozim yo‘riqnomalari qayta tasdiqlangan.

 

Endi maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, ixtisoslashtirilgan va kasbiy taʼlim tashkilotlari xodimlarining bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etmaslik majburiyati mehnat shartnomasi hamda lavozim yoʻriqnomalarida alohida belgilab qoʻyiladi. Shuningdek, zoʻravonlikka uchragan bolalar haqida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va ichki ishlar organlarini xabardor qilish majburiyati ham kiritildi.

 

Qayd etilishicha, pedagoglar yoki boshqa xodimlar tomonidan bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi mehnat majburiyatlarining bir marta qoʻpol ravishda buzilishi sifatida baholanadi. Bu esa ish beruvchi, yaʼni maktab direktori tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga asos boʻladi.