Prezidentning 2026-yil 16-fevralda “Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi islohotlarni ilgʻor xalqaro amaliyot asosida jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–25-son Farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2026/2027 oʻquv yilidan standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash yoʻnalishlarida o‘qiyotgan OTM talabalari uchun maxsus stipendiya ta’sis etiladi.
Farmonga muvofiq metrologiya sohasini xalqaro talablar bilan muvofiqlashtirish maqsadida 2027-yil 1-yanvardan boshlab:
– oʻlchash vositalarini qiyoslash amaliyotidan voz kechgan holda, qonunlashtiruvchi metrologiya doirasida verifikatsiyalash tizimi joriy etiladi;
– sanoatda foydalanilayotgan va mahsulot sifatiga bevosita taʼsir qiladigan oʻlchash vositalari kalibrlashga oʻtkaziladi va standart namunalarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi bekor qilinadi;
– kalibrlash laboratoriyalarining Xalqaro tarozi va oʻlchashlar byurosi bazasida eʼtirof etilgan kalibrlash imkoniyatlari qayd etilgan yoʻnalishlari akkreditatsiyadan oʻtishdan ozod qilinadi.
2026/2027 oʻquv yilidan standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash yoʻnalishlarida tahsil olayotgan oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun:
- “Maxsus stipendiya” taʼsis etiladi;
- rivojlangan davlatlar, xususan Yevropa Ittifoqining texnik jihatdan tartibga solish (Technical Regulation) tizimini oʻrganish modeli asosida dars soatlari joriy qilinadi;
- soʻnggi 2 yilni xorijiy universitetda davom ettirishni nazarda tutuvchi “2+2” shaklidagi qoʻshma taʼlim dasturlari ishlab chiqiladi.
Ma’lumot o‘rnida: Prezidentning 2026-yil 16-fevraldagi PF–22-son Farmoniga asosan, 2026/2027 o‘quv yilidan uchuvchilar, texnik xizmat ko‘rsatuvchilar, aeroport servisi va boshqaruvi bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha Fuqaro aviatsiyasi universiteti faoliyati tashkil etiladi.
