Ta’limni rivojlantirish markazi tomonidan e’lon qilingan materialda bolalar tarbiyasida emotsional intellektning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Unga ko‘ra, zamonaviy jamiyatda bolani nafaqat yuqori baholarga, balki o‘z his-tuyg‘ularini anglash va boshqarishga o‘rgatish ham muhim vazifaga aylangan.
Avvallari “kuchlilar yig‘lamaydi”, “siqilish — bu zaiflik” degan qarashlar ustuvor bo‘lgan bo‘lsa, bugungi yondashuv butunlay o‘zgargan. Hozir esa hammasi boshqacha: bolalarni o‘z hissiyotlarini tushunishga va ifodalashga o‘rgatish kerak.
Tarbiyaga bo‘lgan yondashuv o‘zgardi: emotsional intellekt muvaffaqiyatli hayot uchun asosiy ko‘nikma sifatida tan olindi. Zamonaviy ota-onalar va psixologlar ushbu o‘zgarishning bir necha sabablarini ajratib ko‘rsatadilar:
– Psixologik salomatlik: hissiyotlarni bostirish psixosomatik kasalliklar, xavotir va depressiyaga olib keladi;
– Ijtimoiy ko‘nikmalar: o‘z his-tuyg‘ularini tushunadigan bola atrofdagilarni ham yaxshiroq anglaydi, bu esa mustahkam munosabatlar qurishga yordam beradi;
– Stressga chidamlilik: og‘riq va qo‘rquvni yashirmay, ularni boshdan kechirish qobiliyati insonni uzoq muddatli istiqbolda ruhiy jihatdan bardoshliroq qiladi.
Ota-onalar nima qilishi kerak?
1. Bolada emotsional gigiyenani (ruhiy salomatlikni saqlashga xizmat qiladigan kundalik amaliyotlar majmui) shakllantirish va rivojlantirishga yordam berish.
2. Bolaning kechinmalarini qadrsizlantirmaslik (“Qo‘ysang-chi, bu unchalik jiddiy narsa emas!” kabi iboralardan qochish). His-tuyg‘ular haqida gaplashish, emotsiyalarni boshqarishni o‘rgatish va stressni qanday yengish bo‘yicha shaxsiy namuna ko‘rsatish.
3. Qo‘llab-quvvatlash: “Sening qo‘rqayotganingni ko‘ryapman. Bu yoqimsiz tuyg‘u, lekin men yoningdaman. Kel, bizga nima yordam berishi mumkinligini o‘ylab ko‘ramiz.”
His-tuyg‘ularini erkin ifoda eta oladigan bolalar:
– yuqori empatiyaga ega bo‘ladi, ya’ni boshqalarning his-tuyg‘ularini tushunish ularga osonroq;
– zararli odatlarga kamroq beriladi: ularga ichki og‘riqni «bosish» shart emas, chunki ular uni his qilib yashashni biladilar;
– karyerada muvaffaqiyat omili: moslashuvchan ko‘nikmalar (soft skills) va stressli vaziyatlarda o‘zini tuta bilish qobiliyati shunchaki texnik bilimlardan ko‘ra yuqoriroq qadrlanadi.
