Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasiga o‘qishga kirish uchun arizalar va bildirgilar 1-fevraldan 31-martga qadar (shu kuni ham) qabul qilinadi. Nomzodlar doimiy yashash joyidagi mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlariga ariza bilan, harbiy xizmatchilar esa xizmat joyidagi tegishli komandir (boshliq) nomiga bildirgi bilan murojaat etadilar.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi PQ–4447-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 775-son qarori bilan tasdiqlangan nizomlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Akademiyaga o‘qishga kirish istagini bildirgan fuqarolar hujjatlarini doimiy yashash joyidagi mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlari orqali, harbiy xizmatchilar esa o‘z xizmat joylarida rasmiylashtiradi.
Nomzodlar uchun talablar
Akademiyaga 17–23 yoshdagi fuqarolar, 18–25 yoshdagi ofitserlik unvoniga ega bo‘lmagan harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlar, shuningdek o‘qish istagini bildirgan 26 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalari qabul qilinadi.
Nomzodlarning bo‘yi 165 sm va undan yuqori bo‘lishi bo‘lishi shart.
Saralash bosqichlari qanday o‘tkaziladi?
Kursantlar kontingentini sifatli shakllantirish maqsadida saralab olish tadbirlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:
– harbiy-professional yo‘nalish;
– dastlabki saralab olish;
– test sinovlari.
Dastlabki saralash ikki bosqichda o‘tkaziladi.
Birinchi bosqich: fuqaro yoshlar uchun – mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlarida, harbiy xizmatchilar uchun – xizmatni o‘tash joyida, 1-fevraldan 10-aprelga qadar bo‘lib o‘tadi. Unda hujjatlar o‘rganiladi, yakka tartibdagi suhbat va birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Ikkinchi bosqich esa 11-apreldan 31-mayga qadar fuqaro yoshlar va harbiy xizmatchilar uchun – mudofaa ishlari bo‘yicha boshqarmalari va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy-tibbiy muassasalarida individual-psixologik baholash, umumjismoniy tayyorgarlik va yakuniy tibbiy ko‘rikni o‘z ichiga oladi.
Qabul fanlari
Bilim va malakalarni baholash Agentligi tomonidan o‘tkaziladi. Majburiy fanlar blokiga ona (o‘zbek, rus, qoraqalpoq) tili, matematika va O‘zbekiston tarixi kiritilgan. Mutaxassislik fanlari sifatida esa matematika va fizika fanlaridan test sinovlari o‘tkaziladi.
Dastlabki saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga amaldagi nizomga muvofiq imtiyozlar qo‘llaniladi.
Qo‘shimcha ma’lumotlar
Akademiyaga o‘qishga qabul qilingan nomzodlar bepul mavsumiy kiyim-bosh, barcha qulayliklarga ega yotoqxona, oziq-ovqat hamda pul ta’minoti bilan ta’minlanadi.
Akademiyada quyidagi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ofitser kadrlar tayyorlanadi:
- “Yong‘in xavfsizligi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi;
- “Texnosfera xavfsizligi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi.
Akademiyani tamomlagan bitiruvchilar leytenant harbiy unvoniga, bakalavr muxandis diplomiga ega bo‘ladi.
