Fargʻonalik qiz AQSHning eng nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri — Rice universitetiga toʻliq grant asosida qabul qilindi. Avvalroq Microsoftʼning Oʻzbekistondagi ilk ambassadori bo‘lgan talaba qiz Rice universiteti tarixidagi Oʻzbekistonlik birinchi bakalavr talabasi ham boʻldi. Ushbu maqola orqali Dilafruz Joʻraboyevaning Talimxabarlari.uz ga bergan intervyusini oʻqishingiz mumkin:
Intervyuda Dilafruz Joʻraboyeva oʻz qarashlari, yoshligi, oilasi, maqsadlari va maslahatlari toʻgʻrisida gapirib berdi:
Fargʻona viloyatining Buvayda tumanidagi chekka qishloqlardan birida, oddiy oilada tugʻilganman. Dadam usta, onam tikuvchi. Boshlangʻich sinflarda ona tili, matematika kabi fanlardan 3–4 baholar olganman. Kasalligim borligi va oʻqish uchun sharoit yoʻqligi sabab, dadam bizni Fargʻona shahriga oilaviy olib kelganlar. Oʻsha paytda dadam men uchun 20 yil yashagan joyini, ishini, doʻstlarini tashlab boshqa bir shaharga koʻchishga jurʼat qilgan. Dadam shu ishni qilmaganlarida men hozir Amerikaga ketish haqida oʻylab ham koʻrmagan boʻlar edim. Dadam sinfda eng yaxshi oʻquvchi boʻlsang, ovqatlanishga olib boraman, derdilar. Men ovqatlanishga emas, odamlar bilan tanishishga, yangi doʻstlar orttirishga oshiqardim. Shu sabab bilan yaxshi baholar olishga harakat qilar edim. Odamlar qilib boʻlmaydi, degan narsalarni qilib koʻrsatishga, buni qilsa boʻladi, deb aytishga harakat qilaman. Ishonamanki, hech boʻlmasa bir-ikkita qizlar ana, qilsa boʻlar ekan, Dilafruz qilgan deb aytishadi. -dedi u.
Talaba qiz o’z natijalarida ota-onasi va ustozlarining o’rni katta ekanligi haqida gapirib berdi:
Men chet el universitetlariga qanday qilib hujjat topshirishni, nimalar talab qilinishini bilmaydigan paytlarimda, baʼzi do’stlarim TOP universitetlarga oʻqishga qabul qilinayotgan edi. Onamdan soʻraganimda, “Seni joʻnata olmaymiz, qiz bola qanday qilib chet elda oʻqiydi?” deb aytganlar. Oʻsha paytda biroz tushkunlikka tushdim, oʻqishga topshirmadim. Ancha paytdan keyin Oʻzbekistondagi universitetga oʻqishga kirib, 50% grant oldim. Uyga borib buni aytganimda, oyim juda xursand boʻldilar. Keyin dadamga aytdim. Dadam oʻsha paytda, “Qizim, siz chet elga ketmoqchi edingiz-ku, orzularingiz, maqsadlaringiz nima boʻldi?” deb aytdilar. Oʻsha paytda chet elda oʻqishim kerak, men majburman, dadamni ishonchini oqlashim kerak, deb oʻyladim. Shundan soʻng 3 oy ichida IELTS natijamni 6.0 dan 7.5 gacha koʻtardim va 40 ta universitetga hujjat topshirdim.
Suhbat davomida Dilafruz Jo’raboyeva «Rice» universitetining o’ziga xosliklariga to’xtaldi.
AQSHning nufuzli oliygohlari roʻyxatida TOP 15–17-oʻrinlarda turadigan “Rice” ning dasturlash yoʻnalishiga qabul qilindim. Mendagi eng katta qoʻrquv — ushbu universitet Oʻrta Osiyolik talabalarni oʻqishga qabul qilmasligi edi. Soʻraganimizda, bu yerda atigi 8 nafar Oʻrta Osiyolik borligini aytishdi. Shundan soʻng oʻqishga topshirmayman, baribir kirolmayman, deb oʻylaganman. Hozir esa universitet tarixidagi birinchi oʻzbek bakalavr talabasiman. Mengacha juda kam sonli oʻzbeklar bu yerda oʻqigan, lekin ularning hech biri bakalavr bosqich talabasi boʻlmagan.
Shunday natijaga erishishda eng muhim 3 ta narsa nima, degan savolimizga u quyidagicha javob berdi:
Universitetga kirishimda eng muhim rol oʻynagan 3 ta narsa quyidagilar boʻldi:
Avvalo men oʻzimni har xil ekanligimni koʻrsata olganman. Men Oʻzbekligimni, urf-odatlarimni, anʼanalarimni universitet uchun umuman boshqacha odam ekanligimni koʻrsatib berdim.
Ikkinchisi— portfolioning maʼlumotlarga boy boʻlishi, yaʼni maktabdan tashqari ishlaringiz. Men bilan topshirganlar ichida eng yaxshi portfolio oʻzimniki boʻlgan deb oʻylayman. Chunki menda juda koʻp qoʻshimcha ishlar bor edi: intervyularim, odamlarga ilm ulashganim, katta kompaniyaning ambassadori ekanim, yoʻnalishim boʻyicha ishlaganim va hokazolar.
Uchinchisi — akademik tarafingiz. Menda 7.5 IELTS darajasi bor edi. Bu natija kamlik qilgani sabab, ijtimoiy tarmoqlardagi intervyularim, chiqishlarimni ham topshirdim, ular ham menga yordam berdi.
Dilafruz dars qilishga koʻp vaqt sarflashini aytar ekan, baʼzi kunlari atigi 2 soat uxlaganini ham maʼlum qildi:
Dars qilishga koʻp vaqtimni sarflaganman. Bir vaqtning oʻzida maktab, dasturlash darslari, ingliz tili va rus tilidan kurslar, shu bilan birgalikda uy ishlari bilan shugʻullanishga majbur boʻlar edim. Shu sabab uyquni kamaytirishga to’g’ri kelgan. Menda biror topshiriq yoki vazifa boʻlsa, uni tugatmaguncha uxlay olmayman. Kerak boʻlsa 24 soatlab bir joyda, esse, insho yozib oʻtirishim mumkin. Oʻylaymanki, dars qilishga qancha vaqt sarflagan boʻlsam, shuncha vaqt sarflashim shart boʻlgan. 14 yoshdan keyin uzoq vaqt dam olganimni yoki vaqtimni bekorchi narsaga sarflaganimni eslay olmayman. Baʼzida qachon 6 soat uxlayman deb oʻylab qolardim, — dedi u.
Suhbat yakunida Dillfruz Jo’raboyeva o’z maqsadlari va maslahatlari bilan bo’lishdi:
Bu natijani umuman kutmagan edim, javoblarni tekshirish jarayonida “shok” holatiga tushib qolganman. Hozirgi hissiyotlar yana takrorlanishiga ishonaman. Birorta Oʻzbek talabasi xuddi shunday natijaga erishganini koʻrsam, albatta menda ham hozirgi kabi hissiyotlar boʻlishi aniq. Chunki biz hammamiz bir vatanning farzandlarimiz.
Magistratura bosqichini MIT da davom ettirish niyatidaman. Men bilan bir yoʻldagi yoshlarga oʻzgacha va oʻziga xos boʻlishlarini aytgan boʻlardim. Ulardan hamma ham qilavermaydigan noodatiy ishlarni qilishlarini soʻrab qolaman, — deya oʻz fikrini tamomladi u.
