O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar 10-fevralgacha ko‘rib chiqilib, natijalar e’lon qilinishi kerak

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar 10-fevralgacha ko‘rib chiqilib, natijalar e’lon qilinishi kerak

Bahorgi semestr uchun oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘qishini ko‘chirish (qayta tiklash) bo‘yicha topshirilgan arizalar 21-yanvardan 10-fevralgacha (shu kuni ham) belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi va yakuniy natijalar abituriyentlarga ma’lum qilinadi.

 

Mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilangan.

 

Nizomga ko‘ra, arizalar oliy ta’lim tashkilotlari, tegishli vazirlik va idoralar hamda Davlat komissiyasi tomonidan bosqichma-bosqich o‘rganilib, natijalar elektron platformalar orqali e’lon qilinadi.

 

Arizalar quyidagi shakllarda onlayn qabul qilingan:

 

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining rasmiy transfer.edu.uz sayti;

 

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali.

 

Talabalarning oʻqishini koʻchirish (koʻchirib tiklash) va qayta tiklashni rasmiylashtirishda oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) belgilangan tartibda oʻquv rejalari va dasturlardagi mavjud akademik qarzlarni yoki farqlarni topshirish tartibi va muddatlarini (joriy semestr davomida), oʻqitish kursi (semestri) hamda oʻqishga qabul qilishning qonunchilikda belgilangan boshqa shartlarini belgilaydi.

 

Ma’lumot uchun, arizalarni qabul qilish muddati har yili 10-yanvardan 20-yanvargacha (20-yanvar kuni ham) amalga oshirilgan.

 

Muhim eslatmalar:

 

  • bahorgi semestr oldidan bir oliy ta’lim tashkilotidan boshqasiga “ko‘chirib tiklash” bo‘yicha arizalar qabul qilinmaydi;

  • 1-bosqich (1-kurs) 1-semestriga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat etilmaydi (istisno holatlar bundan mustasno);

  • fanlar farqi 4 tadan oshmasligi, GPA ko‘rsatkichi esa kamida 2,4 bo‘lishi lozim.

 

Shuningdek, amaldagi tartibga ko‘ra, quyidagi holatlar fuqaroning o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobi berilishiga asos bo‘ladi:

 

– xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan oliy ta’lim tashkilotlarida yoki ularning filiallarida tahsil olganlarga;

 

– oliy ta’lim tashkilotlarining markazlari, bo‘limlari, o‘quv-maslahat punktlari va shu kabi tuzilmalarida o‘qiganlarga;

 

– birinchi kursning birinchi semestriga o‘qishni ko‘chirishga (talabaga kasallik tufayli akademik ta’til berilgan holatlar, o‘qigan ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lmaganda hamda ko‘chirib tiklash holatlari bundan mustasno);

 

– oliy ta’lim tashkilotida mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassislik) yoki ta’lim shakli mavjud bo‘lmaganda;

 

– to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan shaxslar tomonidan to‘lov belgilangan muddatda amalga oshirilmaganda;

 

– talabaning shaxsiy yig‘majildi (akademik ma’lumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;

 

– davlat granti asosida ko‘chirish va qayta tiklashda grant asosida ta’lim oluvchilar soni (qabul parametrlari) doirasida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmaganda;

 

– oliy ta’lim tashkilotining moddiy-texnik bazasi imkoniyatlari cheklanganda;

 

– maqsadli qabul asosida tahsil olayotgan talabaning boshqa ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli yoki boshqa oliy ta’lim tashkilotiga o‘qishni ko‘chirish holatlarida;

 

– bir ta’lim shaklidan maxsus sirtqi ta’lim shakliga yoki maxsus sirtqi ta’lim shaklidan boshqa ta’lim shakliga o‘tkazishda;

 

– talaba O‘zbekiston va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasidagi kelishuv asosida qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha tahsil olayotgan bo‘lsa (mazkur qo‘shma dastur doirasidagi ko‘chirish holatlari bundan mustasno);

 

– qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda.

 

Bundan tashqari, talabani o‘qimagan semestrdan keyingi semestrga o‘qishga tavsiya etishga ruxsat berilmaydi.

 

Avvalroq, “Qishki perevod” doirasida qaysi holatlar mumkin va qaysilari mumkin emasligi haqida xabar bergan edik.