Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrug‘iga muvofiq, 2026-yilda Vazir jamg‘armasi hisobidan har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarning cheklangan soni 1 900 nafar etib belgilandi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur kvotalar quyidagicha taqsimlandi:
-
umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun — 1 400 ta;
-
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi maktablar o‘qituvchilari uchun — 100 ta;
-
maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari uchun — 400 ta.
Qayd etilishicha, kvotalar “Maktabgacha ta’lim”, “Boshlang‘ich ta’lim”, “Filologiya fanlari”, “Ijtimoiy fanlar”, “Aniq fanlar”, “Tabiiy va iqtisodiy fanlar” hamda “Amaliy fanlar” yo‘nalishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida taqsimlangan.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining jamg‘armasi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga ko‘ra, saralash jarayonining birinchi bosqichi o‘tgan yilning yanvar–iyun hamda sentabr–dekabr oylarida o‘tkazilgan malaka sinovlari natijalari asosida amalga oshiriladi.
Mazkur natijalar joriy yilning 1-martiga qadar tahlil qilinib, nomzodlar ro‘yxati shakllantiriladi. Birinchi bosqich yakunlariga ko‘ra, pedagoglarga pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy kabinetlari orqali xabarnoma yuboriladi.
