Amaldorning o‘g‘li iqtidorli o‘quvchilar qatorida Rossiyadagi bayramga yuborilgani vazirlik tomonidan o‘rganilmoqda

Amaldorning o‘g‘li iqtidorli o‘quvchilar qatorida Rossiyadagi bayramga yuborilgani vazirlik tomonidan o‘rganilmoqda

Sankt-Peterburgda oʻtkazilgan “Алые паруса” bayramiga Samarqand viloyatidan yuborilgan oʻquvchilar roʻyxati ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻldi. Gap shundaki, rasmiy hujjatlarda ishtirokchilarni tanlashda Iqtidorli va olimpiada yutuqlariga ega oʻquvchilarga ustuvorlik berish tavsiya etilgan boʻlsa-da, safarda ayrim amaldorlarning farzandlari ishtirok etganligi aytilmoqda.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maʼlumotlarga koʻra, safarda viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi rahbari Muzaffar Hamdamovning farzandi va jiyani hamda ayrim masʼul xodimlarning farzandlari ham ishtirok etgan.

 

Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, dastlab 14 nafar oʻquvchi va 1 nafar masʼuldan iborat delegatsiya shakllantirilgan.

 

Keyinchalik ayrim oʻquvchilarning xorijga chiqish pasportlari oʻz vaqtida tayyor boʻlmagani hamda baʼzi ota-onalar safarga ruxsat bermagani sababli roʻyxat qayta koʻrib chiqilgan. Natijada Sankt-Peterburgga Samarqand viloyatidan 8 nafar oʻquvchi va 2 nafar masʼul ishtirok etgan.

 

Boshqarma rasmiy munosabatida delegatsiya tarkibiga kiritilgan oʻquvchilarning qaysi fan olimpiadalarida qanday natijalar koʻrsatgani, shuningdek, tanlov qanday mezonlar asosida amalga oshirilgani haqida batafsil maʼlumot berilmagan. Shu bilan birga, rahbariyat va boshqa masʼul shaxslarning farzandlari ishtirok etgani masalasiga ham alohida izoh keltirilmagan.

 

Shuningdek, mazkur holatga jurnalist Ilyos Safarov ham o‘z munosabatini bildirgan. U boshqarma rahbarining o‘g‘li va jiyanining hujjatlari muammosiz, allaqachon tayyor bo‘lganligi oddiy tushunmovchilik emas, bu — ochiq nepotizm deya ta’kidlagan.

 

Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xizmat tekshiruvi boshlanganini maʼlum qildi. Tekshiruv yakunlari boʻyicha qoʻshimcha axborot berilishi kutilmoqda.