Kasbiy taʼlim tashkilotlari faoliyatini samarali boshqarish maqsadida texnikum direktorlari va ularning oʻrinbosarlariga menejerlik sertifikati berish tizimini joriy etish taklif etilmoqda.
Bu bo‘yicha Muhokamalar portaliga “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan Davlat dasturi to‘g‘risida’’gi Farmon loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan.
Loyihada texnikum direktori va oʻrinbosarlariga menejerlik sertifikati berish tartibini belgilash hamda uni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish nazarda tutilgan.
Qanday tartib joriy etilishi rejalashtirilmoqda?
Loyihaga muvofiq:
- texnikum direktorlari uchun menejerlik boʻyicha malaka oshirish kurslari tashkil etiladi;
- direktorlar va ularning oʻrinbosarlarining menejerlik boʻyicha bilim va koʻnikmalari baholanadi;
- baholash natijalariga koʻra ularga menejerlik sertifikati beriladi.
Maʼlum qilinishicha, ushbu tizim orqali 600 nafardan ortiq texnikum rahbarlari va oʻrinbosarlari menejerlik boʻyicha oʻqitilishi rejalashtirilgan.
Qanday ragʻbatlantirish koʻzda tutilmoqda?
Loyihada menejerlik sertifikatiga ega rahbarlarni moddiy ragʻbatlantirish ham nazarda tutilgan. Xususan:
- menejerlik sertifikatiga ega texnikum direktoriga — 50 foiz,
- oʻrinbosariga — 30 foiz miqdorida har oylik ustama belgilanishi mumkin.
Avvalroq, mazkur Farmon loyihaga doirasida 1,6 million nafar talaba va bitiruvchilar uchun munosib kasb tanlash imkoniyati yaratilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edik.
