Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Tergov faoliyati” yo‘nalishiga qabul 1-martgacha davom etadi

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Tergov faoliyati” yo‘nalishiga qabul 1-martgacha davom etadi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2026/2027-o‘quv yili uchun “Tergov faoliyati” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qabul joriy yilning 1-fevralidan boshlandi. Bu haqda ushbu akademiyaning axborot xizmati xabar berdi.

 

Akademiyada mazkur yo‘nalish bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga qabul tanlov, teng huquqlilik va yagona qoidalar asosida quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

 

  • dastlabki tanlov;

  • maxsus psixologik tanlov;

  • yozma imtihon (diktant);

  • test sinovlari.

 

Dastlabki tanlov qanday o‘tkaziladi?

 

Dastlabki tanlov nomzodlar tanlagan soha yo‘nalishiga qarab alohida tartibda tashkil etiladi:

 

  • harbiylashtirilgan tuzilmalar (Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Bojxona qo‘mitasi);

  • harbiylashtirilmagan tashkilotlar (prokuratura organlari, jumladan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Majburiy ijro byurosi)dagi talablarni inobatga olgan holda alohida tartibda amalga oshiriladi.

 

Nomzodlar hujjatlarini faqat bitta yo‘nalish — harbiylashtirilgan yoki harbiylashtirilmagan soha bo‘yicha topshirishi lozim.

 

Ro‘yxatdan o‘tish tartibi

 

Nomzodlar 1-fevraldan 1-martgacha Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus elektron platformasi — my.uzbmb.uz orqali ro‘yxatdan o‘tishi kerak.

 

Qayd etilishicha, ro‘yxatdan o‘tish jarayoni nomzod (yoki ota-onasi) nomiga rasmiylashtirilgan va doimiy ishlayotgan telefon raqami orqali amalga oshiriladi. Chunki qabul jarayoni bo‘yicha SMS-xabarnomalar yuboriladi va bog‘lanish ehtimoli mavjud.

 

Shuningdek, belgilangan muddatlarda:

  • harbiylashtirilgan yo‘nalish bo‘yicha — hududiy ichki ishlar organlariga;

  • harbiylashtirilmagan yo‘nalish bo‘yicha — hududiy prokuratura organlariga tegishli hujjatlar topshiriladi.

 

Ta’lim shartlari va majburiyatlar

 

“Tergov faoliyati” yo‘nalishida bakalavriat bo‘yicha ta’lim muddati 3 yilni tashkil etadi. Bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplom beriladi.

 

O‘qitish o‘zbek va rus tillarida, davlat grantlari asosida olib boriladi. Grant asosida o‘qishni tamomlagan bitiruvchilarga vakolatli davlat organlarida kamida 3 yil ishlab berish majburiyati yuklanadi.

 

Akademiyaga qabul qilishda abituriyentlarning muayyan toifalariga respublikaning boshqa oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.

 

Shuningdek, “Tergov faoliyati” yo‘nalish bitiruvchilari vakolatli davlat organlariga ishga qabul qilinganda faqat ofitserlar tarkibiga kiruvchi yoki darajali unvon berilishi nazarda tutilgan lavozimlarga tayinlanadi.