“University of Business and Science” (UBS) universitetining navbatdagi tarixiy tashabbusi bilan O‘zbekistonning boy tarixi va so‘nggi yillardagi islohotlarini aks ettiruvchi 120 dan ortiq fundamental asarlar to‘plami AQShdagi nufuzli Massachusets Texnologiya Instituti (MIT)ning Hayden kutubxonasiga taqdim etildi.
Boston shahrida o‘tgan rasmiy marosimda ushbu noyob jamlanma MIT kutubxonasi direktori Chris Bourghga topshirildi. To‘plamdan Prezident asarlari, jadidchilik harakati, milliy uyg‘onish davri va o‘zbek mumtoz adabiyotiga oid muhim ilmiy manbalar joy olgan.
Mazkur tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad — o‘zbek xalqining uch ming yillik shonli tarixi va Yangi O‘zbekistonning intellektual salohiyatini global akademik hamjamiyatga keng tanitish hamda xalqaro miqyosda o‘zbek madaniy merosini targ‘ib qilishdir.
Endilikda dunyoning birinchi raqamli oliygohi tadqiqotchilari va talabalari uchun maxsus tashkil etilgan “O‘zbek kitoblar burchagi” (Uzbek Books Collection Corner) orqali mamlakatimiz haqidagi ishonchli manbalar bilan tanishish imkoniyati yaratildi.
“Ushbu jamlanmaning MIT kabi nufuzli muassasa fondidan joy olishi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro e’tirofi va milliy merosimizni global ilm-fan makoniga olib chiqishdagi muhim qadamdir”, – deya qayd etildi tadbir davomida.
Ushbu loyiha UBS universitetining xalqaro ilmiy-madaniy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi strategik maqsadlarining yorqin namunasiga aylandi.



