Maqsadli qabul parametrlarini oshirishda olis va chekka hududlarda taʼlim hamda sogʻliqni saqlash sohalarining oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan real ehtiyojlariga ustuvorlik berilishi belgilandi.
Xabaringiz bor, hukumat qarori bilan Oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga bir qancha oʻzgartirishlar kiritildi.
Yangilangan tartibga koʻra, maqsadli qabul parametrlarini oshirish jarayonida birinchi navbatda olis va chekka hududlar boʻyicha maktab taʼlimi hamda sogʻliqni saqlash tizimining oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan real ehtiyojlari inobatga olinadi.
Shuningdek, maqsadli qabul doirasida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar bilan tuziladigan toʻrt tomonlama shartnomalarning mazmuni yanada aniqlashtirildi.
Endilikda ushbu shartnomalarda talabaning oʻqishni tamomlaganidan soʻng muayyan hududda yoki tashkilotda majburiy ishlab berish shartlari, ushbu majburiyatning muddati hamda tomonlarning huquq va majburiyatlari aniq koʻrsatiladi.
Maʼlumot uchun, maqsadli qabul parametrlari ajratilgan taʼlim yoʻnalishlarini tanlagan abituriyentlar har bir bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha dastlab maqsadli, soʻngra umumiy qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etadi.
Agar abituriyent maqsadli qabul parametrlari doirasida talabalikka tavsiya etilgan boʻlsa, umumiy qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etmaydi.
Eslatib o‘tamiz: 2025/2026-oʻquv yili uchun respublika bo‘yicha maktab taʼlimi sohasiga 626 ta kvota ajratilgan edi.
