Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan ilk bor yurtimizdagi barcha davlat, nodavlat va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari talabalari hamda professor-oʻqituvchilarini qamrab oladigan Umummilliy soʻrovnoma oʻtkazilmoqda.
Soʻrovnomada oliy taʼlimning barcha shakllari boʻyicha bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olayotgan talabalar hamda professor-oʻqituvchilar ishtirok etishmoqda.
Mazkur soʻrovnoma oliy taʼlim tizimidagi taʼlim muhitining sifati, taʼlim olish va kasbiy faoliyat yuritish sharoitlari, taʼlim va boshqaruv jarayonlarining raqamlashtirilganlik darajasi, shuningdek, oliy taʼlim tashkilotlaridagi ijtimoiy, psixologik hamda maʼnaviy-axloqiy muhitni har tomonlama baholashga qaratilgan.
Soʻrovnoma natijalari Milliy reyting uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar bazasini shakllantirishga xizmat qiladi, talabalar tomonidan taʼlim muhiti va yaratilgan sharoitlardan qoniqish darajasini aniqlash, professor-oʻqituvchilarning mehnat sharoitlari hamda kasbiy faoliyatdan qoniqishini baholash imkonini beradi, taʼlim va boshqaruv faoliyatining raqamlashtirilish darajasini tahlil qilishga asos boʻladi hamda oliy taʼlim tashkilotlaridagi tizimli muammolarni aniqlash va ularga yechimlar ishlab chiqishda muhim tahliliy manba sifatida foydalaniladi.
Mazkur soʻrovnoma ikki bosqichda amalga oshiriladi. Dastlabki bosqich talaba va professor-oʻqituvchilarni qamrab olsa, ikkinchi bosqichda ish beruvchilar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
