Maktab boshlanishida oʻqituvchilar koʻpincha tartib-qoidalar, munosabatlar va dars mazmuniga eʼtibor beradi. Ammo oʻqishni qanday toʻgʻri yoʻlga qoʻyish kerakligi koʻpincha eʼtibordan chetda qoladi. Oʻqishni toʻgʻri yoʻlga qoʻymaslik eng qiziqarli darslar ham yodda qolmasligiga olib kelishi mumkin.
Psixologlar aytishicha, bugungi kunda oʻquvchilarning koʻpchiligi oʻzlari YouTubeʼdan yoki doʻstidan maslahat olish orqali qanday qilib samarali oʻqish kerakligini bilib olganini aytadi.
Shuningdek, olim Alison Stoun oʻquvchilarga “tarqalgan takrorlash” va “esga olish” usullarini aniq nomlab, ularni uyda ham qoʻllashga undaydi.
Quyida mutaxassislarning tadqiqotlar asosida tuzilgan 7 ta samarali oʻqish usullari keltirilgan:
1. Diqqatni chalgʻitadigan narsalarni yoʻq qilish
Oʻquvchilar koʻpincha telefon va boshqa qurilmalarning oʻqishga taʼsiri yoʻq deb hisoblaydi, lekin tadqiqotlar aksini koʻrsatadi. Hatto 3 soniyalik chalgʻish xato qilishga olib keladi. Shu sababli, oʻquvchilar uyda oʻqish uchun telefon, televizor va oʻyinlardan holi joy tanlashlari kerak.
2. Oʻqituvchi kabi oʻylash
2024-yilgi tadqiqotga koʻra, oʻquvchilarga mavzuni sinfdoshlariga tushuntirish topshirilganda, ular testda 50% yaxshiroq natija koʻrsatgan. Bu usul bilimdagi boʻshliqlarni aniqlashga yordam beradi. Oʻqituvchilar sinfda doʻstlarga oʻrgatish mashqlari oʻtkazib, uyda ham takrorlashni tavsiya qilishi mumkin.
3. Soʻnggi daqiqaga qoldirmaslik
Koʻpchilik oʻquvchilar imtihon oldidan kechasi oʻqishni boshlaydi, bu samarali emasdir. “Tarqalgan takrorlash” usuli – oʻqishni bir necha kunga yoki haftalarga boʻlib, bajarish yaxshiroq foyda beradi. Rejalar tuzib, oʻqish uchun vaqt belgilash muhim hisoblanadi.
4. Tanaffus qilishni unutmang
Qisqa tanaffuslar diqqatni va maʼlumotni qayta ishlashni yaxshilaydi. Masalan, Pomodoro texnikasi boʻyicha 25 daqiqa oʻqib, keyin 5-10 daqiqa tanaffus qilish mumkin.
5. Eslatmalar yozish
Koʻpchilik oʻquvchilar oʻqituvchining soʻzlarini faqat koʻchiradi, lekin ularni tushunmaydi. Oʻquvchilarga faqat soʻzlarni yozmasdan, oʻz fikrlarini ham yozishni oʻrgatish kerak. Eslatmalarni qayta koʻrib chiqib, toʻldirish foydali.
6. Xotirani mashq qilish
Faqat oʻqish emas, esda qolgan yoki qolmagani tekshirish lozim. Masalan, oʻqishni tugatgach, oʻrganganlarini eslab, test yoki savollarga javob berish foydali.
7. Qiyinchilikni qabul qilish
Oʻquvchilar koʻpincha oson usullarga murojaat qiladi, lekin samarali oʻqish koʻproq miyaning kuchli ishlashini talab qiladi. Oʻz-oʻzini sinash, doʻstlarga oʻrgatish va eslatmalarni qayta takrorlash qiyin boʻlishi mumkin, ammo bu usullar bilimni chuqurroq singdiradi.
