Меl.fm internet nashri tomonidan chiqarilgan maqolada Jamiyatshunoslik va tarix fanlaridan repetitor Aleksandra Kochakova o‘z amaliyotida deyarli bir xil takrorlanadigan muammolardan biri maktablarda qo‘yiladigan baholar haqida fikr bildirdi.
Uning fikricha, maktabdagi baholash tizimi nafaqat samarali tayyorgarlikka yordam bermaydi, balki ko‘pincha unga xalaqit ham qiladi. Ya’ni bu o‘quvchilar va ota-onalarda bilimlarning real darajasi haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllantirib, xavfli illyuziyalar va strategik xatolarga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
‘‘Maktab o‘zining ichki mantiqi asosida faoliyat yuritadi. Bu yerda baho — murakkab ma’muriy-pedagogik vosita bo‘lib, u faqat bilimni emas, balki o‘quvchining xulqi, tirishqoqligi, rasmiy talablarni bajargan-bajarmaganini ham hisobga oladi’’, deydi u.
Ko‘pincha o‘qituvchining aynan o‘ziga xos talqinlarini bilish, uning metodikasiga amal qilish ham baholashda muhim rol o‘ynaydi.
Shu tizimda esa yorliqlar paydo bo‘ladi:
- “A’lochi” — itoatkor, tirishqoq, qoidalarga mukammal moslashgan. Uning asosiy ko‘nikmasi — berilgan materialni xatosiz qayta aytib berish.
- “Yaxshi o‘quvchi” — barqaror, oldindan aytib bo‘ladigan, ammo “yorqinlik” va chuqur qiziqishsiz. Uning shiori: “To‘rt baho uchun yetarlisini qilish”.
- “Uchchi” — muammoli, tartibsiz, “umidsiz”.
Imtihon esa o‘quvchi oldiga butunlay boshqa qoidalar va standartlarni qo‘yadi. Aslida, bu o‘zgarmas qonunlar atigi uchtadir:
- Shaxssizlik (obyektivlik). Ishni yagona qat’iy mezonlar asosida begona ekspert tekshiradi. Yaxshi munosabatlar tarixi uchun hech kim qo‘shimcha ball qo‘shmaydi;
- Jarayon emas, natija baholanadi. Siz necha kecha uxlamay dars qilganingiz hech kimni qiziqtirmaydi. Muhimi — blankadagi to‘g‘ri javob yoki mantiqan to‘g‘ri qurilgan argumentatsiya;
- Parcha-parcha emas, tizimli bilim talab etiladi. Imtihon savollari jamiyatning turli sohalari o‘rtasidagi bog‘liqlikni, sabab-oqibat, ierarxik munosabatlarni ko‘ra olishni talab qiladi. Yodlangan paragraflar va ular uchun olingan a’lo baholar tadqiqotchi sifatida masofadan qarash qobiliyatini bermaydi.
A’lochilar uchun eng qiyin holat
– Qanchalik g‘alati tuyulmasin, mening amaliyotimdagi eng murakkab vaziyatlardan biri — a’lochilar bilan ishlashdir.
Darhol aytib o‘taman, bu barcha muvaffaqiyatli o‘quvchilarga taalluqli emas, balki o‘z kuchiga haddan tashqari ishonadigan o‘quvchilar haqida. Odatda ular (yoki ota-onalari) sinov imtihonidan keyin murojaat qilishadi, u yerda kutilmaganda 55–65 ball chiqadi.
Dastlab qaraganda vazifa oddiy: amaliy va nazariy bo‘shliqlarni aniqlab, tayyorgarlik ko‘ramiz. Ammo o‘quvchida “men baribir hammasini bilaman” degan chuqur ishonch bo‘lgani uchun (axir maktabda doim “a’lo”), u maslahatlarni istar-istamas qabul qiladi va tayyorgarlik sust kechadi.
Natijada, birinchi qilinadigan ish — a’lochiga, doimiy a’lo baholarga qaramay, bilimdagi bo‘shliqlar borligini isbotlash bo‘ladi. Bu esa psixologik jihatdan uni o‘ziga bo‘lgan ishonchdan mahrum qilishdek ko‘rinadi.
A’lochi maqomi o‘quvchiga shunchalik bosim qiladiki, u xato qilishga o‘ziga ruxsat bera olmaydi.
Shu sababli murakkab savol berilganda — darsda ham, uy vazifasida ham — u odatdagidek eng yuqori bahoni olishga harakat qiladi, maqtov kutadi.
Agar murakkab topshiriq o‘quvchini yangi bilimga undasa — bu juda yaxshi. Ammo ko‘pincha u ayyorlikka olib keladi: internetdan tayyor javob izlash yoki sun’iy intellektdan foydalanish.
Har qanday tajribali o‘qituvchi o‘quvchi o‘zi bajargan ish bilan sun’iy intellekt yordamida yozilgan ishni ajrata oladi. Amaliyotimda shunday holatlar bo‘lganki, o‘quvchi xato qilishdan qo‘rqib, onlayn dars vaqtida og‘zaki savollarga javob topish uchun internetdan izlashga ham ulgurardi.
Eng yomoni shundaki, o‘zining “mukammal” bilimini hammaga, jumladan o‘qituvchiga isbotlashga urinib, o‘quvchi oxir-oqibat o‘zini ham shunga ishontirib qo‘yadi.
Bunday holatga ko‘z yumish — o‘quvchiga imtihon natijasi uchun barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga ruxsat berishdir, natija qanchalik achinarli bo‘lmasin. Ammo repetitorga yordam so‘rab murojaat qilishadi va meningcha, bunday vaziyatda loqaydlik ko‘rsatish na o‘quvchiga, na ota-onaga nisbatan axloqan to‘g‘ri emas.
Nima qilish mumkin?
O‘qituvchining fikricha, dastlabki 2–3 mashg‘ulot — bu dars emas, balki tadqiqot. Biz maktab yorliqlarini chetga surib, chuqur diagnostika o‘tkazamiz. Asl bo‘shliqlarni aniqlab, bilimlarga real baho berish zarur. Repetitorning obyektiv va to‘liq tahlili muammoni hal qilishning kalitidir. Shu bilan birga, mashg‘ulotlarda baho qo‘yishdan qochgan ma’qul. O‘quvchiga imtihonga tayyorgarlik doirasida qaysi mavzular va aniq ko‘nikmalarni kuchaytirish kerakligini ko‘rsatgan holda fikr-mulohaza berish samaraliroq bo’ladi.
O‘quvchini imtihon baholash mezonlari bilan tanishtirish. Bu qadam maktab talablari bilan imtihon talablari o‘rtasidagi farqni anglashga yordam beradi. Tayyor ishlarni ekspert nigohi bilan ko‘rib, qaysi javob uchun qancha ball berilishini tushunish o‘quvchining fikrlash yo‘nalishi va javob berish algoritmini to‘g‘rilaydi.
Faqat besh baho olishga o‘rganish muqarrar ravishda xato qilishdan qo‘rquv, ahmoq bo‘lib ko‘rinishdan qo‘rquvni keltirib chiqaradi. Ammo har qanday o‘rganish yo‘lining boshida biz u yoki bu darajada bilimsizmiz. O‘z kamchiliklarimizni tan olish rivojlanishga undaydi. Qanchalik erta “mukammal a’lochi” stereotiplar yukidan xalos bo‘lsa, shunchalik uning haqiqiy 100 ballni qo‘lga kiritish imkoniyati yuqori bo‘ladi.
