Xabaringiz bor, Avstraliya hukumati 2025-yil 10-dekabrdan boshlab, ijtimoiy tarmoqlardan 16 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning akkaunt yaratishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yoshga oid cheklovlarini joriy etgan.
Mazkur cheklovchi qonun kuchga kirganidan atigi bir oy o‘tib, yirik ijtimoiy media platformalari qariyb 4,7 million o‘smir akkauntini o‘chirgan yoki faoliyatini cheklagan. Bu haqda Reuters axborot agentligi mamlakat internet xavfsizligi regulyatori — eSafety ma’lumotlariga tayanib xabar bergan.
eSafety komissarligi ma’lumotiga ko‘ra, platformalar 10-dekabrdan kuchga kirgan qonun ijtimoiy tarmoqlarga foydalanuvchilarning yoshini aniqlash va 16 yoshgacha bo‘lganlarning akkaunt ochishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini yuklaydi.
Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albanizi mazkur tashabbusni “dunyoda yetakchi qonunchilik” deb atagan. Uning ta’kidlashicha, Avstraliya tajribasi hozirda boshqa davlatlar tomonidan ham diqqat bilan kuzatilmoqda. Xususan, Fransiya, Malayziya va Indoneziya shunga o‘xshash cheklovlarni joriy etish niyatini bildirgan.
Yoshga doir ijtimoiy tarmoqlarni cheklash natijalari qonun qabul qilinishidan oldin bildirilgan taxminlardan ancha yuqori bo‘lib, aholiga oid ma’lumotlarga ko‘ra, 10–16 yoshdagi har bir avstraliyalikka o‘rtacha ikki tadan ortiq akkaunt to‘g‘ri kelgani aniqlangan.
Mutaxassislar ushbu qarorni ta’lim tizimi nuqtayi nazaridan ham muhim deb baholagan. Chunki ijtimoiy tarmoqlardan nazoratsiz foydalanish o‘quvchilarning o‘qishga e’tibori, vaqtni boshqarish ko‘nikmalari va ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yosh cheklovi esa bolalarni o‘qish, jonli muloqot va rivojlantiruvchi faoliyatlarga ko‘proq e’tibor qaratishga undashi kutilmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar bolalar va yoshlarni bir qator ehtimoliy xavflarga duchor qiladi. Jumladan, kiberbulling, zararli kontent va onlayn firibgarliklar bilan bog‘liq tahdidlar mavjud. Tarmoqlarga kirishni cheklash esa bolalarning ruhiy va hissiy farovonligini himoya qilishga yordam beradi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy tarmoqlardan haddan tashqari ko‘p foydalanish miya rivojlanishiga, uyqu sifatiga va o‘qish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Taqiq tanqidchilari uni amalda ijro etish qiyin bo‘lishini aytgan. eSafety komissari Julie Inman Grant ayrim 16 yoshgacha bo‘lgan akkauntlar hali ham faol ekanini aytib, to‘liq xulosa chiqarishga erta ekanini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, har qanday xavfsizlik qonunining samarasi barcha qoidabuzarliklarni yo‘q qilishda emas, balki umumiy xavfni kamaytirishda namoyon bo‘ladi.
