Joriy yilning 1-avgust kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Toshkent shahridagi Inha universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandumga asosan, quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik aloqalarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan:
– raqobatbardoshlik koʻnikmalari va raqamli savodxonlikni rivojlantirishga qaratilgan innovatsion pedagogik texnologiyalarni, oʻqitishning samarali shakl va usullarini, taʼlim sifatini baholash va monitoring qilishning zamonaviy tizimlarini joriy qilish;
– ta’lim va IT sohalarining uygʻunligini taʼminlashga qaratilgan tashabbuslarni ishlab chiqish, taʼlim jarayonida jahon ilm-fani va texnologiyalari yutuqlaridan keng foydalanish boʻyicha ilmiy ishlanmalar, oʻquv-metodik qoʻllanmalar va tavsiyalar ishlab chiqish;
– taʼlimga oid axborot tizimlarini integratsiyalash, taʼlim platformalarini va ularning mobil ilovasini ishlab chiqishni tashkillashtirish;
– taʼlim jarayoniga sunʼiy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish yoki ulardan foydalanish boʻyicha konsepsiya va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
– kasbga yoʻnaltirish va raqamli taʼlimni rivojlantirish boʻyicha oʻquv kurslar, olimpiadalar, seminar-treninglar, ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etish;
– yangi tadqiqot loyihalarini amalga oshirishda mahalliy va xorijiy grantlarda ishtirok etish;
– pedagog-oʻqituvchilar va Ishtirokchilar jamoasi oʻrtasida tajriba almashish, xorijiy davlatlarda malakasini oshirishni tashkil etishda koʻmaklashish.
Mazkur Memorandum ishtirokchilar oʻrtasida maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlimi tizimida oʻqitish va oʻrganish amaliyotini tajriba, tadqiqot va izlanishlarning innovatsion usullari orqali zamonaviylashtirish, maktab bitiruvchilarining mehnat bozorida munosib raqobatga tayyorlash, shu maqsadlarda turli qoʻshma loyihalar ishlab chiqish, qoʻshma ishchi guruhlar tuzish uchun asos yaratadi.