Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Qibray tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining birida tarbiyalanuvchilarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘linayotgan video tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasi matbuot xizmati rasmiy munosabat bergan.
‘‘Ijtimoiy tarmoqlarda Qibray tumanidagi 27-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, deb ko‘rsatilinayotgan muassasada tarbiyachi tomonidan mashg‘ulotlar jarayonida tarbiyalanuvchilarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lingan videotasvirlar tarqaldi.
Holatni aniqlash va o‘rganish maqsadida, ayni paytda Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan mas’ullardan iborat ishchi guruh tuzilgan’’, — deyiladi munosabatda.
Avvalroq, Chirchiq shahridagi 30-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotida imkoniyati cheklangan bolalarga nisbatan qoʻpol munosabatda boʻlinganligi aytilgandi. Tekshiruv jarayonida tegishli masʼullar ishtirokida tarbiyachilarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilgan. Natijada qoʻpollikka yoʻl qoʻygan tarbiyachilar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan edi.
