Har yili test sinovlarida minimum ball chegarasi qo‘yiladi. Shuningdek, Davlat qabul komissiyasi tegishli bayoni bilan 2024-2025-oʻquv yili uchun davlat oliy taʼlim muassasalariga minimal o‘tish ballari tasdiqlandi. Unga ko’ra:
– davlat granti boʻyicha minimal oʻtish bali – 68,0 ball (maksimal 189,0 ballning 36%);
– toʻlov-kontrakt boʻyicha minimal oʻtish bali – 56,7 ball (maksimal 189,0 ballning 30%) etib belgilandi.
Minimal o‘tish balli bu – abituriyentning o‘qishga qabul qilinishi uchun yig‘ishi shart bo‘lgan eng past ball. Ya‘ni, abituriyent natijasi bilan belgilangan kvotada turgan bo‘lsa ham, agar minimal ball va undan yuqori natijani qayd etmagan bo‘lsa, u talabalikka tavsiya etilmaydi.
Bu nima degani?
Masalan, “Xalqaro jurnalistika” yo‘nalishiga jami 24 ta kvota ajratilgan bo‘lib, abituriyent 56,7 balldan kam natija bilan kvotada kontraktda turgan bo‘lsa ham, u talabalikka qabul qilinmaydi. Yoki abituriyent 68 balldan past ball bilan grant kvotasida turgan bo’lsa ham, u grantda emas, kontraktda o’qiydi. Chunki belgilangan minimal balldan past natijani qayd etgan.