2026-yil 15-yanvardan mustaqil izlanuvchilikka arizalar qabuli boshlanadi. Jarayon Yagona elektron tizim orqali amalga oshiriladi.
Mustaqil izlanuvchilik — bu falsafa doktori (Doctor of Philosophy, PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science, DSc) ilmiy darajalariga da’vogar izlanuvchilar uchun ishlab chiqarishdan ajralmagan holda tashkil etiladigan, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlashga yo‘naltirilgan oliy ta’limdan keyingi ta’lim shaklidir.
Eslatma: Mustaqil izlanuvchilikka ariza topshirishda xorijiy til sertifikati talab etilmaydi.
Mustaqil izlanuvchilikka talabgor quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan ilmiy tashkilot yoki taʼlim muassasasiga Yagona elektron tizim yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladi:
— qisqacha biografik maʼlumotnoma;
— falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirish uchun magistrlik yoki klinik ordinatura (tibbiyot fanlari uchun) yoki oliy maʼlumot (mutaxassislik dasturi boʻyicha) toʻgʻrisidagi diplom nusxasi;
— mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi;
— ilmiy ishlar roʻyxati va ularning nusxasi;
— fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirish uchun fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) diplomi yoki xorijda olingan unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalar diplomi nusxasi;
— ish joyidan tavsifnoma.
Maʼlumot uchun, talabgorlar hujjatlari ilmiy yoki taʼlim tashkilot tomonidan koʻrib chiqilib qabul qilinadi yoki rad etiladi. Shuningdek, yuqorida belgilangan muddatlarda talabgorlarning hujjatlari qabul qilinishi lozim.
Muhim: Tibbiyot fanlari boʻyicha mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirishda ilmiy tashkilot yoki taʼlim muassasasining Kollegial organi qarori bilan talabgordan klinik ordinaturani (magistraturani) tugatgandan soʻng yoki ilmiy darajani olganidan soʻng ilmiy, ilmiy-pedagogik yoki amaliy ish stajiga (ikki yildan toʻrt yilgacha boʻlgan muddatda) ega boʻlishi talab etilishi mumkin.
