Muhokamalar portaliga “2030-yilgacha moʻljallangan taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon loyihasi joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, 2030-yilgacha umumiy oʻrta taʼlim tizimida “Taʼlim uchun qulay muhit” dasturini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Bunda:
– olis va chekka hududlarda joylashgan 715 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun bepul avtobuslarni yoʻlga qoʻyish;
– umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan 100 foiz taʼminlash belgilangan.
Bundan tashqari, maktabgacha taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda bolalarning toʻliq qamrovini taʼminlash bo‘yicha ayrim ishlar amalga oshirish belgilangan:
- bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish;
- 100 foiz maktabgacha taʼlim tashkilotlarini toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan taʼminlash;
- bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan 100 foiz qamrab olishdan iborat.
Avvalroq, ushbu Farmon loyihasiga ko‘ra, bog‘cha va maktab pedagog xodimlarining oʻrtacha ish haqi 2 baravar oshirilishi haqida xabar bergan edik.
