O‘qituvchilar darsga sun’iy intellekt yordamida tayyorlanishi mumkinmi? O‘quvchilar-chi?

O‘qituvchilar darsga sun’iy intellekt yordamida tayyorlanishi mumkinmi? O‘quvchilar-chi?

Ta’limda neyron tarmoqlardan foydalanish bilan bog‘liq savollar hech qachon bu yilgidek faol muhokama qilinmagan. Sun’iy intellekt bilan dars tayyorlash yoki til o‘rganish mumkin degan qarashlar ko’p uchrab turibdi.

 

Shu sababdan, bu borada turli xil fan o‘qituvchilaridan sun’iy intellekt (SI)dan foydalanish haqidagi ommabop fikrlarga munosabati o‘rganildi.

 

O‘qituvchining darsga SI yordamida tayyorlanishida hech qanday muammo yo‘q

 

Ko‘pchilik SI vositalariga murojaat qilishni “ayyorlik” deb hisoblaydi va ko‘plab o‘qituvchilar o‘quvchilarga neyron tarmoqlardan foydalanishni taqiqlaydi. Ammo o‘qituvchilarning o‘zlari SI’dan foydalansa-chi?

 

A.P, tarix fani o‘qituvchisi:

 


‘‘Bunda hech qanday muammo ko‘rmayman. Men uchun bu — oddiygina vosita. Bolalarga ulkan hajmdagi ma’lumotni yetkazishim kerak, bu esa muayyan tarixiy davrga bosqichma-bosqich sho‘ng‘ishni talab qiladi. Bunga soatlab vaqt sarflagandan ko‘ra, masalan, promptda beshinchi sinf uchun Qadimgi Yunoniston tarixidagi sanalar jadvalini tuzishni so‘rashim mumkin. Bu juda qulay. Ijtimoiy fanlarda ham xuddi shunday — SI yordamida ma’lumotlarni mind map’lar ko‘rinishida taqdim etish mumkin’’.

 

G.M, ingliz tili o‘qituvchisi:

 


‘‘To‘liq qo‘shilmayman. Muammo bo‘lmasligi uchun bir nechta mezonlarga rioya qilinishi kerak. Birinchidan, o‘qituvchi fanini mukammal bilishi shart. Ikkinchidan, ma’lumotning ishonchliligi va haqiqiyligini tekshira olishi kerak. Uchinchidan, uni to‘g‘ri iqtibos keltira bilishi lozim.

Menimcha, darsga tayyorgarlikda SI’dan eng samarali foydalanish — uni “kotib” sifatida ishlatish:

– ma’lumotni tartibga solish yoki matn yozishda qo‘lda terish o‘rniga yordamchi sifatida’’.

 

O.A, kompyuter texnologiyalari o‘qituvchisi:

 


‘‘Sun’iy intellekt (SI) — turli murakkablikdagi topshiriqlarni tezkor ishlab chiqishga, o‘quv misollarini o‘quvchilarning yoshi va darajasiga moslashtirishga, murakkab tushunchalarni tushuntirish uchun ko‘rgazmali analogiyalar yaratishga va bir xil materialni turli dasturlash tillariga moslab o‘zgartirishga yordam beradi.

 

Ta’lim jarayonini tashkil etish darajasida esa SI mashg‘ulot ssenariylarini loyihalash, syujetli ta’lim shakllarini ishlab chiqish va fanlararo loyihalar yaratishda qo‘llaniladi’’.

 

O‘quvchilar SI’dan foydalanmasligi kerakmi?

 

Ko‘plab fikrlarga ko‘ra, SI bolalarning ijodkorligini pasaytiradi, axborot izlash ko‘nikmasining shakllanishiga to‘sqinlik qiladi va faqat ko‘chirishga o‘rgatadi. Bu qanchalik to‘g‘ri?

 

O.G, biologiya o‘qituvchisi

 


‘‘Qo‘shilmayman. O‘quvchilar SI’dan foydalana olishlari kerak, ammo nima uchun va qanday maqsadda foydalanayotganini tushunishlari muhim. Bu — vosita, miyaning o‘rnini bosuvchi narsa emas. Agar SI’dan o‘z bilimlari o‘rniga foydalanib, generatsiya qilingan referatlarni topshirishsa, bundan yaxshi natija chiqmaydi’’.

 

P.P, tarix fani o‘qituvchisi

 


‘‘Qo‘shilmayman. Biz kim bo‘libmizki, o‘quvchilarga nimanidir taqiqlaymiz? Aksincha, ularni sun’iy intellektdan foydalanishga o‘rgatishimiz kerak. Xususan, neyron tarmoqlar ko‘pincha noto‘g‘ri javoblar berishini tushuntirish zarur. O‘quvchilarni axborotni qayta ishlash va unga tanqidiy yondashish ko‘nikmasiga o‘rgatish — eng muhim jihat’’.

 

G.M, ingliz tili o‘qituvchisi

 


‘‘Bu savolga oddiy javob yo‘q. Bizning maktabda akademik halollik tushunchasiga katta e’tibor beriladi: manbalarni ko‘rsatish, axborot qayerdan olinganini aniqlash qanchalik muhimligini o‘rgatamiz. Shu shartlar bajarilganda SI’dan foydalanish mumkin. Ammo barcha o‘quvchilar shunchalik mas’uliyatli bo‘ladimi? Hatto nufuzli universitetlardagi professorlar ham SI’dan noto‘g‘ri foydalangan holatlar ko‘p’’.

 

O.A, kompyuter texnologiyalari o‘qituvchisi

 


‘‘Qisman qo’shilaman. SI — masalalarni avtomatik yechish vositasi emas, balki kognitiv hamkor. Sun’iy intellekt bilan muloqot xatolar va mukammal bo‘lmagan yechimlarni tahlil qilish orqali refleksiya, argumentatsiya va tanqidiy fikrlashni rivojlantirishi mumkin’’.

 


Biroq yosh va kontekst omili juda muhim. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun SI’dan foydalanish qat’iy cheklangan va pedagog nazorati ostida bo‘lishi kerak, chunki bu bosqichda asosiy kognitiv va o‘quv ko‘nikmalari shakllanadi. O‘smirlar va katta yoshdagi o‘quvchilar uchun esa SI aniq qoidalar va axloqiy me’yorlar doirasida ongli ravishda o‘zlashtirishi mumkin.

 

SI noto‘g‘ri javoblar beradi va mavzuni o‘rganishga xalaqit qiladi

 

Hamma SI-modellarning yoqimsiz xususiyati — “gallyutsinatsiya”, ya’ni bilmagan savollarga to‘qima javoblar berishini biladi. Sun’iy intellekt maktab dasturi bo‘yicha xato qiladimi?

 

O.V, biologiya o‘qituvchisi

 


‘‘Yo’q. Nazorat ishlariga tayyorgarlikda aniq topshiriqlarning yechim mantiqini sifatli tushuntirib bera oladi, agar o‘quvchi darsda tushunmay qolib, o‘qituvchidan so‘rashni unutgan bo‘lsa. Maktab dasturi bilan u yaxshi ishlaydi, lekin universitet darajasida hozircha ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yadi’’.

 

G.M, ingliz tili o‘qituvchisi

 


‘‘Men sun’iy intellekt (SI) doimo noto‘g‘ri javob beradi, deb o‘ylamayman. Bugun neyron tarmoqlar ancha rivojlangan va umumiy holda yetarlicha aniq natija beradi. Ammo SI bergan hamma narsani tekshirmasdan darhol ishlatib bo‘lmaydi — ma’lumotni tekshirish va anglash zarur’’.


Amaliyotda, oldindan o‘ylangan ssenariylar va standartlashtirilgan promptlar qo‘llanganda xatolar keskin kamayadi. Masalan, model ishonchi yetarli bo‘lmaganda javob bermaslikka va faqat ishonchli, oldindan belgilangan manbalarga — masalan, tasdiqlangan darslik va metodik qo‘llanmalarga — tayanishga o‘rgatilsa, ta’limiy va korporativ SI yordamchilarda xatolar tizimli muammo emas, balki kam uchraydigan holatga aylanadi.

 

Shuningdek, yetarli sifatli ichki ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, aniq soha vazifalariga yo‘naltirilgan maxsus modellarni o‘qitish mumkin.

 

SI yordamida bajarilgan uy vazifalarini aniqlash juda oson

 

Dastlab ko‘plab o‘qituvchilar SI yordamida bajarilgan ishlarni darhol aniqlash mumkinligini aytishgan. Bugun neyron tarmoqlar o‘quvchi javoblariga qanchalik “o‘xshab” yozmoqda?

 

G.M, ingliz tili o‘qituvchisi

 


‘‘SI rivojlanib, tobora mukammallashib bormoqda. Shu bois, bir tomondan, SI yaratgan matnni ko‘z bilan darhol ajratish qiyinlashdi. Boshqa tomondan, matnni kiritib, u SI tomonidan yaratilganini yuqori ehtimol bilan aniqlaydigan mashhur saytlar ham bor.


Ammo bu masalaning boshqa tomoni ham mavjud — bu o‘qituvchilarga katta qo‘shimcha yuk bo‘lib tushadi. Asosiy muammo ham shunda’’.

 

P.P, tarix fani o‘qituvchisi

 


‘‘Ha, bu juda oson, chunki yettinchi sinf o‘quvchisi iqtisodiy yoki sotsiologik mavzularda “komparativ tahlil” yoki “tranzitologiya” kabi iboralarni ishlatishi dargumon. Bunday holatlarda SI izini aniqlash qiyin emas’’.

 

O.A, kompyuter texnologiyalari o‘qituvchisi

 


‘‘Ota-onalarning SI’dan ko‘chirish uchun foydalanish haqidagi xavotirlari tushunarli va asosli, chunki SI tezkor tayyor yechimlar beradigan qulay vositaga aylanmoqda. Amaliyotda SI yordamida to‘liq yoki qisman bajarilgan ishlar uchrab turadi. Ammo muammo ularning mavjudligida emas, balki bunday holatlarga pedagogik yondashuvda.

 


Men bunday ishlarga jazolovchi munosabatda bo‘lmayman. Agar SI tushunish, o‘zini tekshirish yoki ifodani aniqlashtirish uchun ishlatilgan bo‘lsa, buni foydali deb hisoblayman. Agar esa o‘quvchi ish mazmunini tushunmay topshirsa va fikrlash jarayonini izohlab bera olmasa, ishni qayta bajarishga to‘g‘ri keladi’’.

 

SI’dan foydalanish bo‘yicha darslar barcha maktablarda joriy etilishi kerak

 

Ayrim maktab va universitetlarda ta’limda SI’dan foydalanish bo‘yicha seminarlar o‘tkazilmoqda. Ammo bolalarni SI vositalariga o‘rgatish xavfli emasmi?

 

G.M, ingliz tili o‘qituvchisi

 


‘‘Bu yerda ham oddiy javob yo‘q. Bir tomondan, bugun talabalarning SI va uning qo‘llanilish usullarini bilishi juda muhim, chunki bu ularga raqobat ustunligini beradi. Boshqa tomondan, berayotgan ma’lumotimiz qanchalik ishonchli va to‘g‘ri ekanini qayerdan bilamiz? Hatto SI tadqiqotlari va ishlanmalarining oldingi safida turgan mutaxassislar ham kelajakda bu nima olib kelishini aniq bilishmaydi’’.

 

R.A, tarix fani o‘qituvchisi

 


‘‘SI’dan foydalanish bo‘yicha darslar barcha maktablarda majburiy joriy etilishi kerak. O‘quvchilar qaysi promtlar samarali, qaysilari esa noto‘g‘ri ma’lumot berishini tushunishi lozim. Bu vositadan foyda topishni maktab o‘rgatishi mumkin.

 


Shu bilan birga, bilimga qiziqish va chanqoqlikni shakllantirish avvalo oila va yaqin muhitning vazifasi ekanini unutmaslik kerak. Zamonaviy texnologiyalar faqat axborotga yetib borish masofasini qisqartiradi, ichki motivatsiyani esa almashtira olmaydi’’.

 

SI bilan ishlashni bilmasdan muvaffaqiyatli karyera qurish qiyinlashadi

 

Bugun mehnat bozorida SI vositalaridan foydalanish ko‘nikmalari majburiy talab sifatida ko‘rsatilgan bo‘sh ish o‘rinlari paydo bo‘lmoqda. Kelajakda bu ko‘nikmalar qanchalik qadrlanadi?

 


Yaqin kelajakda murakkab jarayonlar va axborot bilan ishlash mavjud bo‘lgan deyarli barcha sohalarda alohida SI-rollar paydo bo‘ladi. Eng ehtimoliy yo‘nalishlar:

 

  • SI-menejerlar — biznes vazifalarini tushunib, ularni SI yechimlari tiliga o‘gira oladigan mutaxassislar.

  • SI-redaktorlar va kontent-kuratorlar — “SI o‘rniga yozadiganlar” emas, balki sifat, mazmun va etika uchun mas’ul bo‘lganlar.

  • Ta’limda SI-metodistlar — neyron tarmoqlarni o‘qitish, dasturlarni shaxsiylashtirish va o‘quvchilarda tafakkurni rivojlantirishga moslashtiradigan mutaxassislar.

  • SI-analitiklar va strateglar — avtomatlashtirish emas, balki insaytlar topish, prognozlash va qaror qabul qilish uchun SI’dan foydalanadiganlar.

  • SI-integratorlar — kompaniya va jamoalarning ish jarayonlariga neyron tarmoqlarni joriy etuvchi mutaxassislar.