Vazirlar Mahkamasining 578-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, bahorgi semestr uchun oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘qishini ko‘chirish (qayta tiklash) bo‘yicha arizalarni qabul qilish muddatiga o‘zgartirish kiritilgan.
Unga ko’ra, endi ariza topshirish muddati har yili 10-yanvardan 20-yanvargacha (20-yanvar kuni ham) amalga oshiriladi.
Arizalar quyidagi shakllarda:
– Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining rasmiy transfer.edu.uz sayti;
– Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali onlayn;
– Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining buyrug‘i bilan tashkil etiladigan hududiy Ishchi guruhlari tomonidan qabul qilinishi ham mumkin.
Talab etiladigan hujjatlar:
– reyting daftarchasi, akademik ma’lumotnoma yoki transkript nusxasi;
– o‘qishni ko‘chirish (qayta tiklash) sabablarini tasdiqlovchi hujjatlar.
Muhim eslatmalar:
– bahorgi semestr oldidan bir oliy ta’lim tashkilotidan boshqasiga “ko‘chirib tiklash” bo‘yicha arizalar qabul qilinmaydi.
– 1-bosqich (1-kurs) 1-semestriga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat etilmaydi (istisno holatlar bundan mustasno).
– o‘qishni ko‘chirishda fanlar farqi 4 tadan oshmasligi, GPA ko‘rsatkichi esa kamida 2,4 bo‘lishi lozim.
Arizalar belgilangan tartibda oliy ta’lim tashkilotlari, tegishli vazirlik va idoralar hamda Davlat komissiyasi tomonidan 21-yanvardan 10-fevralgacha (10-fevral kuni ham) ko‘rib chiqiladi va natijalar abituriyentlarga ma’lum qilinadi.
