2025-yil natijalariga ko‘ra, 7 ta oliy ta’lim muassasasi “QS World University Rankings” xalqaro reytingiga kirgan. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi sarhisob brifingida ma’lum qilingan.
Joriy yil davomida, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari nufuzli xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallagan. Jumladan, O‘zbekistonning 7 ta oliy ta’lim muassasasi “QS” xalqaro reytingiga kirgan. “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti TOP–1000 talik ro‘yxatdan joy olgan.
Ma’lumot uchun: QS World University Rankings – bu dunyodagi eng nufuzli oliy ta’lim reytinglaridan biri bo‘lib, universitetlarni ilmiy tadqiqotlar sifati, talabalar sifati, xalqaro hamkorlik va ish beruvchilar baholashlari asosida baholaydi.
Shuningdek, ‘‘Times Higher Education (THE) World University Rankings’’ reytingida O‘zbekistonning 4 ta oliy ta’lim muassasasi qayd etildi. Bu reyting universitetlarni ilmiy tadqiqotlar sifati, ta’lim sifati, ilmiy nashrlar va tadqiqotlar ta’siri hamda xalqaro ko‘rsatkichlar bo‘yicha tahlil qiladi.
2025 yilgi ‘‘THE Impact Rankings’’ natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning 59 ta oliy ta’lim muassasasi ro‘yxatdan o‘tib, 12 tasi jahonning TOP–1000 universitetlari safidan o‘rin oldi. THE Impact reytingi universitetlarning global maqsadlar (Sustainable Development Goals) asosida jamiyatga ta’siri va barqarorlik faoliyatini ko‘rsatadi. Shu bilan mamlakatimiz Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida yetakchi pozitsiyani egallagan.
Bundan tashqari, 2025 yilgi “QS”ning fanlar bo‘yicha reytingi natijasiga ko‘ra, O‘zbekistonning 5 ta oliy ta’lim muassasasi 8 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha jahonning eng yaxshi 1000 ta universitetlari qatoriga kiritilgan.


