Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Toshkent tajribasi” asosida “Kelajak uchun xorijiy til” (“Language for the future”) loyihasiga start berildi.
Loyihadan maqsad — xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish va o‘quvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash.
Jarayon qanday tashkil etiladi?
Loyihaning birinchi bosqichida o‘quvchilarning til bilish darajasi aniqlanadi. Test asosida ishtirokchilarning natijalari baholanadi.
Olingan natijalar tahlil qilinib, o‘quvchilar turli darajalardagi guruhlarga ajratiladi. Debat, Movie, Speaking clublar, qo‘shimcha darslar, mock testlar tashkil etiladi.
Muhimi, bularning barchasi xorijlik o‘qituvchilar tomonidan bepul tashkil etiladi.
Ta’kidlash joiz, 22-dekabr kuni boshlangan test jarayonlarida o‘quvchilar tomonidan maksimal — 100 ballik natijalar ham qayd etilgan.
Ma’lumot o‘rnida: 2023-yildan hozirgi kungacha davlat umumta’lim muassasalariga 1 500 nafardan ortiq til egalari va yuqori malakali xorijiy mutaxassislar jalb etilgan.
Toshkent shahri misolida aytadigan bo‘lsak, sertifikatga ega o‘quvchilar soni 2022-2023-o‘quv yilida 3 779 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-2025-o‘quv yilida ushbu ko‘rsatkich qariyb 1,7 barobarga oshgan.
