Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo’ngrotboy Sharipovning “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlarining ijrosi hamda sohada korrupsiya omillarini bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Vazir Qo’ng’irotboy Sharipovning ma’lum qilishicha, HEMIS axborot tizimi takomillashtirilgan. Tizimdagi kamchiliklarni o‘rganish natijasida talabalarning baholarini kiritish va tahrirlash tartibiga qat’iy o‘zgarishlar kiritilgan.
Avvalgi tartibga ko‘ra, fan o‘qituvchisi yoki dekanat xodimlari tizimga kiritilgan baholarni mustaqil ravishda o‘zgartirish imkoniyatiga ega edi. Endi Hemis platformasiga qo‘yilgan baholarni dekanat yoki o‘qituvchilar o‘zgartirolmaydi. Platformaga qo‘yilgan bahoni o‘zgartirish vakolat faqat o‘quv ishlari bo‘yicha prorektorda bo’ladi.
Baho qanday hollarda qayta ko‘rib chiqilishi mumkin?
Tizimdagi ma’lumotlarga faqatgina talaba o‘z bahosidan norozi bo‘lib, belgilangan tartibda apellyatsiya berganida va ushbu ariza mutaxassislar tomonidan atroflicha tahlil qilinganidagina o‘zgartirish kiritilishi mumkin. Boshqa barcha holatlarda kiritilgan baholar daxlsiz qoladi.
Ushbu islohotdan ko‘zlangan asosiy maqsad — talabaning bilimini xolis baholash, tizim mas’uliyatini oshirish va oliy ta’limda adolat mezonlarini ta’minlashdan iborat.
