Tahririyatimizga talabalar tomonidan «Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari belgilangan tartibda yakunlangan bo‘lsa, talabalar belgilangan sanadan oldinroq qishki ta’tilga chiqishimiz mumkinmi?» qabilidagi bir qancha savollar kelib tushdi.
Ushbu savolga Ta’lim eksperti Zafarshoh Amirqulov javob berdi.
Ma’lum qilinishicha, darslar yakunlangan bo’lsa, talabalar 28-dekabr sanasidan oldinroq qishki ta’tilga chiqishi va viloyatdan kelgan talabalar uylariga qaytishlari mumkin.
Ma’lumki, oliy ta’lim vazirining 479-sonli buyrug‘iga ko‘ra, qishki ta’til 2025-yil 28-dekabrdan 2026-yil 10-yanvargacha etib belgilangan.
Ushbu muddatlar oralig‘ida hech bir oliygoh dars mashg‘ulotlari, oraliq yoki yakuniy imtihonlarni o‘tkaza olmaydi. Mashg‘ulotlar va imtihonlar ushbu sanalardan keyingi vaqtga rejalashtirilishi shart.
Agar biror bir oliygohida darslar 28-dekabrdan emas, masalan, 24-dekabrdan yakunlansa, talabalar bemalol ta’tilga chiqishi mumkin.
Eslatma o’rnida shuni aytish joziki, har bir oliygoh o‘z o‘quv grafikidan kelib chiqib, yuqoridagi buyruq asosida o‘z jadvalini shakllantiradi. Aniq ma’lumotni esa oliygoh ma’muriyatidan olish mumkin.
