O‘zbekistonda 9 oyda talabalar ishtirokida qariyb 500 ta jinoyat sodir etilgan

O‘zbekistonda 9 oyda talabalar ishtirokida qariyb 500 ta jinoyat sodir etilgan

Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi. Asosiy e’tibor oliy ta’lim muassasalarida talabalar xavfsizligini ta’minlash va profilaktik choralarning samaradorligiga qaratilgan.

 

Majlisda oliy ta’lim muassasalarida talabalar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha so‘nggi yillarda bir qator tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlangan. Xususan, profilaktika ishlari kuchaytirilib, talabalarni ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy va sport faoliyatiga keng jalb etish yo‘lga qo‘yilgan. Raqamli monitoring tizimlari hamda jamoatchilik bilan hamkorlik mexanizmlari joriy etilgan. Ushbu ishlar jinoyatchilik ko‘rsatkichlarining qisqarishiga ma’lum darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.

 

Biroq, ijobiy siljishlarga qaramay, oliy ta’lim muassasalarida talabalar xavfsizligini ta’minlashda qator muammolar mavjudligi qayd etilgan.

 

Xususan, talaba yotoqxonalari yetarli darajada texnik jihozlanmagani, kirishni nazorat qilish uchun mo‘ljallangan turniketlar hamda yuzni aniqlash (Face-ID) tizimiga ega kuzatuv kameralarining ko‘plab muassasalarda mavjud emasligi tanqid qilingan. Senatorlar bu holatni mazkur texnologiyalarni joriy etishni tartibga soluvchi aniq me’yoriy-huquqiy hujjatlarning yo‘qligi bilan izohlagan, bu esa ayrim OTMlarda xavfsizlikni raqamlashtirish jarayonini to‘xtatib qo‘yayotganligi aytilgan.

 

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyida talabalar o‘rtasida sodir etilgan jinoyatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga kamayib, 487 tani tashkil etgan. Biroq senatorlar qariyb besh yuzta huquqbuzarlikning qayd etilgani muammo to‘liq bartaraf etilmaganidan dalolat berishini ta’kidlagan. Ushbu holat ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning yetarli darajada tizimli olib borilmayotgani, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari rahbariyati bilan talabalar ota-onalari o‘rtasidagi hamkorlikning sustligi bilan bog‘langan.

 

Muhokama yakunida yaratilgan infratuzilmadan samarali foydalanish, talabalar bilan manzilli va individual ishlashni kuchaytirish zarurligi alohida qayd etilgan.

 

Shuningdek, mutaxassislar talaba yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar asosan dars jarayonidan tashqari vaqtlarda, tanaffuslar hamda mashg‘ulotlardan keyingi dastlabki soatlarda sodir etilishini qayd etgan. Shu munosabat bilan kampus hududlarida sport, kutubxona va to‘garaklar faoliyatini kengaytirish orqali bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish eng samarali profilaktik choralaridan biri ekani ta’kidlangan.