21-dekabr kuni Qozogʻistonning Olmaota shahrida joylashgan oliy taʼlim muassasalaridan birida talaba oʻqituvchilardan biriga pichoq bilan hujum qilgan. Bu haqda Sputnik Qozogʻiston xabar berdi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, hodisa universitet hududida sodir boʻlgan. Ijtimoiy tarmoqlar tarqalgan va rasmiy OAVda berilgan xabarlarda hujum vaqtida oddiy oshxona pichogʻidan foydalanilgani aytilmoqda.
Qozogʻiston Ichki ishlar organlari voqea yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlanganini bildirdi. Avvaliga gumonlanuvchi qidiruvda ekani aytilgan boʻlsa, keyinchalik u qoʻlga olingani va hozirda hibsda saqlanayotgani rasman tasdiqlandi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, tergov harakatlari davom etmoqda. Huquq-tartibot idoralari hujum sabablari, talaba va jabrlangan professor oʻrtasidagi munosabatlar hamda hodisaning boshqa tafsilotlarini aniqlash ustida ish olib bormoqda.
Ayni paytga qadar rasmiy manbalar jabrlangan professorning sogʻligʻi holati haqida maʼlumot bermagan. Mutasaddi idoralar tergov yakunlangach, qoʻshimcha maʼlumot berilishini maʼlum qilgan.
