Secret Santa — bu guruh ichida tasodifiy ravishda kim kimga sovgʻa berishi belgilanadigan, sovgʻa beruvchining ismi yashirin saqlanadigan oʻyin. Odatda har bir ishtirokchi boshqa bir ishtirokchi uchun sovgʻa tanlaydi va oʻzi ham boshqadan sovgʻa oladi. Sovgʻa egalari sir saqlanadi.
Ushbu oʻyin anʼanasi Rojdestvo bayrami bilan bogʻliq. Bu 19-asrda Shvetsiya va Norvegiyada paydo boʻlgan “Julklapp” urfidan kelib chiqqan. Odamlar qoʻshnisining eshigi yoniga sirli sovgʻacha qoʻygan va uni koʻrib qolmasliklari uchun tezda yugurib ketgan. Maqsad bayram ruhini ulashish, kayfiyatni koʻtarish boʻlgan.
Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda ushbu anʼana urfga kirdi. Nafaqat kattalar, balki maqtab oʻquvchilari oʻrtasida ham ommalashgan. Faqat maqsadlar oʻzgarib borayotgani aytilmoqda.
Kun.uzʼga oʻz fikrini bildirgan oʻqituvchi va ota-onalar sinfidagi oʻquvchilar shu sabab ikkiga ajralib qolganini, hatto bolaning depressiyaga tushishiga sabab boʻlayotganini aytishgan.
«Bu anʼana bir-birining ijtimoiy ahvolini biladigan odamlar orasida boʻlishi normaldir balki. Lekin bolalar orasida ommalashishiga qarshiman. Chunki bolalar bir-birlarining moliyaviy holatlarini yaxshi bilishmaydi. Yaqinda oʻquvchilarim shunaqa oʻyin oʻynashni taklif qilishdi. Ruxsat berdim, shartlari bor ekan, yaʼni qurʼa tashlash yoʻli bilan kim kimga sovgʻa berishini aniqladik. Buni bolalar orasida sir saqlashga kelishdik.
Lekin undan keyin juda pushaymon boʻldim ruxsat berganimdan. Chunki shundan keyingi bir haftani shu oʻyinning gʻalvasi bilan oʻtkazdik. Hali bolalar shuning ustida janjallashgan, hali ota-ona telefon qilib bolasi kattaroq sovgʻa berib, arzimas sovgʻa olganidan norozi boʻlganini aytgan. Xuddi bolalarni tabaqalashtirib qoʻydi nazarimda.
Toʻgʻri, oʻziga toʻq oilaning farzandlari nisbatan yaxshiroq sovgʻalar tayyorlashgan ekan, men ham kim qanday sovgʻa tayyorlaganini bilmasdim. Lekin oddiy oilaning bolalarida unaqa sovgʻa berishga imkoniyat yoʻq. Koʻzlari mungʻayib gʻalati boʻlib qolishdi baʼzilari, xuddi kamsitilganday his qilib oʻzlarini. Bu oʻyinga ruxsat soʻrashganda asl mazmunini anglab yetmagan ekanman, bir oʻyinda deb.
Bolalarni yanayam ahil boʻlishiga hissa qoʻshadi deb oʻylagandim, lekin teskarisi boʻldi. Bunga ruxsat berishdan oldin yaxshi oʻrganib, toʻgʻri tushuntirish kerak ekan mohiyatini. Maqsad sovgʻa olish emas, koʻngil koʻtarish, yaxshilik qilish degan maʼnoda. Oʻzi bizning anʼanalarga kirmas ekan, shuning uchun tushunmasdan bolalarning dili ogʻrishiga, koʻnglida yomon xotira qolishiga sabab boʻlmaylik deyman. Ayrim ota-onalar “qayerdan oʻylab topdinglar bu oʻyinni?” deb bizni soʻroq qilishyapti. Vaholanki buni bolalar oʻzlari eshitib taklif kiritishgandi, bizga ham yangilik boʻlganiga uncha tushunmaganmiz», — deydi oʻqituvchi.
Bu mavzuda ota-onalarning fikri qanday?
“Ikki nafar qizimni oʻzim yolgʻiz katta qilyapman. Oʻtgan haftada katta qizim «Sekret Santa” degan oʻyinni oʻynayapmiz deb keldi. Nima ekan desam, sovgʻa ulasharkanmiz, kim kimga sovgʻa berishini hech kim bilmaydi. Hozir hamma shunaqa qilyapti dedi.
Hali oylikkacha ancha bor, toʻgʻrisi, non pulimizgacha hisoblab ishlatmasak qiynalib qolamiz. Ijarada turishning oʻzi boʻlmaydi. Nima sovgʻa berish kerak ekan desam, ustozi buning ahamiyati yoʻq. Oʻzlaring istagan har qanday sovgʻani beraveringlar debdi. Uydan nimadir chiqarishga harakat qildim. Qizim oʻgʻil bola sinfdoshiga sovgʻa berishi kerak edi. Kichikroq sochiq bor edi, shuni chiroyli oʻrab berdim. Ahvolimizni bilgan qizim gʻing demay olib ketdi, kayfiyati juda yaxshi edi. Kechga sovqotib ishdan qaytsam (bozorda ovqat sotaman), uyda biror ish qilinmagan, kayfiyati yomon, lekin hech narsa demaydi.
4 kundan beri maktabga bormayapti, mazam yoʻq deydi sababini soʻrasam, ogʻzidan gap olaman deb qiynalib ketdim. Bilsam oʻsha kuni oʻgʻil bola sinfdoshiga sovgʻani bergan, keyin u hammani oldida sovgʻani ochgan va boshqa oʻgʻil bolalar “kuyovnavkarga tarqatiladigan sochiq olding” deb uning ustidan kulishgan. 7-sinf oʻquvchilari ayni oʻtish davrida emasmi, bolaning jahli chiqib qizimning yuziga sochiqni otib yuborgan. Boshqalarning eng oddiy sovgʻasi quloqchin, shunga oʻxshash narsalar boʻlgan ekan. Bolam juda qattiq izza boʻlgan, endi bormayman maktabga, ishlayman, nima ish boʻlsayam farqi yoʻq deb oʻtiribdi. Oʻqituvchisiyam boʻlgan voqeadan xabari bor ekan, gaplashdik, lekin qizim juda gʻalati holatda hozir», — deb yozgan onalardan biri.
Boshqa bir ota esa buning ota-onalarga ortiqcha yuk ekanligini taʼkidlagan:
«Oʻgʻlim boshlangʻich sinfda oʻqiydi. Santa degan oʻyin oʻynashga kelishishgan ekan. Oʻrganib koʻrsam, bu oʻyinda sovgʻaning qiymati, kim tomonidan berilishi ahamiyatli emas ekan. Shuning uchun kimdan sovgʻa olayotganini bilmasligi kerak ekan bola. Lekin biznikilar buni oʻzlariga moslashgan shekilli. Chunki oʻgʻlimning sherigi, yaʼni undan sovgʻa kutayotgan bola oʻziga olinadigan sovgʻani belgilab bergan – sport qoʻlqopi, yana yopishtiradigan nimadir olishi kerakligini aytgan. Surishtirsam eng arzonini olsak ham 200 mingga yaqin narxda ekan. Hol-jonimga qoʻymay taʼkidlashiga qaraganda shuni bermasa qattiq xafa boʻladigan.
Qizimdayam xuddi shunday hol. Bu yerda gap puldayammas, bolalar uchun zarur boʻlmagan narsalarni oldirish. Undan keyin agar siz beradigan sovgʻa narigi tomon beradigan sovgʻadan kam (arzonroq) boʻlib qolsa orada xafagarchilik, xijolatchilik degan narsalar bor. Shaxsan menga muammo boʻlib koʻrinyapti bu, ota-onalarga ortiqcha yuk, bolaga esa stress olib kelishi mumkin».
Har bir davr oʻziga xos urf-odatlar bilan esda qoladi va ehtimol, bu oʻyin ham vaqt oʻtib unutiladi. Ammo u bugun qancha bolaning ruhiy holatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani, bu jarayon ularning kelajakdagi oʻziga ishonchi, ijtimoiy munosabatlari va hayotiy qarashlariga qanday iz qoldirishi mumkinligini eʼtiborsiz qoldirib boʻlmaydi.
