Yerlarning degradatsiyasi insoniyatning eng jiddiy ekologik muammolaridan biri bo‘lib, dunyo bo‘yicha quruqlikning 40 foizi va 3,2 milliard kishi bu muammoga duch kelmoqda. Markaziy Osiyoda esa yer maydonining 37 foizi degradatsiyaga uchragan, O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 26 foizni tashkil etadi.
Shu munosabat bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi, FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va “Zamin” fondi hamkorligida “Ona Yer nidosi” hujjatli filmi suratga olingan. Film 4-dekabr kuni Butunjahon tuproq kuniga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlar doirasida FAOning Italiyadagi Bosh qarorgohida ilk bor namoyish etildi.
O‘zbekistonda ushbu filmning premyerasi «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universiteti hamda Davlat agrar universitetida bo‘lib o‘tgan. Bu film kamdan-kam hollarda kadrda ko‘rinadigan, ammo har kuni yer bilan ishlaydigan odamlar — fermerlar, agronomlar, olimlar faoliyatini yoritadi.
«Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva talabalar bilan samimiy suhbatda tuproq degradatsiyasi muammolarini muhokama qildi, bo‘lajak mutaxassislarning g‘oya va takliflarini diqqat bilan tinglab, ekologik jarayonlar mintaqaning oziq-ovqat xavfsizligi uchun qanchalik xavfli ekanini ta’kidlagan.
