Rossiyada 15 yoshli maktab oʻquvchisi shu maktabda tahsil olayotgan 9 yoshli asli tojikistonlik bo’lgan Qobiljon Aliyevni pichoqlab o’ldirgani butun jamoatchilikni tashvishga soldi. Hozirda ushbu holat irqchilik, millatichilik g’oyalarining mahsuli deya baholanmoqda. Bu esa maktab muhitini xavfsiz saqlash va millatlar oʻrtasida munosabat madaniyatini kuchaytirish masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi.
Mutaxassislarning fikricha, bu kabi vaziyat faqat bir mamlakatga xos emas, har qaysi davlatda oʻsmirlar orasida millatchilik, nafrat tili va ijtimoiy ajralib qolish tendensiyasi kuzatilishi mumkin.
Oʻzbekistonda hozircha bu kabi keskin holatlar qayd etilmagan boʻlsa-da, taʼlim tizimida profilaktik yondashuv muhim ahamiyatga ega, chunki global axborot maydonida internet kontenti, migratsiya jarayonlari va ijtimoiy mediadagi ritorika bolalar ongiga sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda. Shuningdek, O’zbekiston ham ko’p millatli davlat bo’lganligi sababli, millatlararo bag’rikenglik mavzusi har doim muhim ahamiyat kasb etadi.
Shundan kelib chiqib, maktablarda millatchilikni oldini olish va bagʻrikenglikni kuchaytirish boʻyicha mutaxassislar qanday taʼlimiy yondashuvlarni tavsiya etadi?
Dunyo taʼlimi uchun umumiy muammolardan biri maktab yoshidagi oʻquvchilar orasida millatchilik, ksenofobiya va nafrat kayfiyatlarining kuchayishi bilan bogʻliq xavflardir. Turli davlatlarda internet orqali yoyilayotgan radikal gʻoyalar, yosh oʻsmirlar ongida paydo boʻlayotgan “biz va ular” qarama-qarshiligi, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda normal qabul qilinayotgan haqoratli soʻzlashuv uslubi maktab muhitiga ham kirib kelmoqda.
Mutaxassislarning fikriga ko’ra, millatchilik va nafrat tuyg’usi tugʻma emas. Bu atrof-muhitdan oʻrganiladi, internetdan koʻchadi, ijtimoiy taʼsirlar bilan mustahkamlanadi. Bolaning oilada yoki maktabda eshitgan har bir soʻzi, koʻrgan har qanday munosabati uning boshqasiga munosabatini belgilaydi. Shu sababli, maktablarda bu masalaga kengroq yondashuv talab qilinadi.
Mamlakatlar tajribasi shuni koʻrsatadiki, maktabdagi bagʻrikenglik tarbiyasi asosan uch asosiy tayanchga tayanadi: madaniy bilim berish, ijtimoiy-emotsional kompetensiyani rivojlantirish va muhitni xavfsiz qilish.
Birinchi navbatda, oʻquvchilarga turli millat va madaniyatlar haqida keng tasavvur berilishi kerak. Inson tanimagan narsasidan qoʻrqadi, bilmagan guruhga nisbatan shubha uygʻonadi. Taʼlim jarayonida turli xalqlar hayoti, sanʼati, adabiyoti, urf-odatlari haqida maʼlumotlar koʻproq berilganda, bolalarda farqlarga nisbatan qiziqish va hurmat paydo boʻladi. Aksincha, bilim yetishmaydigan joyda stereotip kuchayadi.
Shu bilan birga, bolalar orasida empatiya va hissiy intellektni oshirish ham oʻta muhim. Oʻqituvchilar soʻzlariga koʻra, koʻpgina mojaro va ziddiyatlar bir-birini tushunmaslikdan boshlanadi. Oʻquvchilar oʻz his-tuygʻularini anglashni, boshqasining holatini tasavvur qilishni bilsa, mojaro kuch ishlatish darajasiga yetmaydi.
Shuning uchun rivojlangan davlatlarda darsdan tashqari mashgʻulotlar, guruh psixologiyasi bilan bogʻliq oʻyinlar, kichik jamoaviy vazifalar keng qoʻllanadi. Bu jarayonlar bola ongida “boshqani tinglash – kuchsizlik emas, madaniyat” degan fikrni oʻrnatadi.
Yana bir hal qiluvchi masala – internet va mediasavodxonlik
Bugungi kunda oʻquvchilarning aksariyati bilan gaplashmasdan turib ham, ularning qanday kontent koʻrayotgani tahmin qilish mumkin: keskin fikrlar, millatlararo nafratli izohlar, mashhur blogerlar orasidagi haqoratli muloqotlar, TikTokdagi pastmazmun videolar. Bular hamma bilgan normal holatga aylanib bormoqda. Ammo yosh avlod bu jarayonni shaxsiy qadriyatga aylantirib yuborishi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli maktablarda mediasavodxonlik fani kuchaytirilishi, oʻquvchiga nafrat tili va manipulyativ axborotni tanish koʻnikmalarini berish zarur.
Mutaxassislar maktab psixologining roli oxirgi yillarda tobora kuchayib borayotganini ta’kidlamoqda. Oldin maktab psixologi koʻproq sinov va maslahat funksiyasini bajargan boʻlsa, hozir ular ijtimoiy-hissiy salomatlik boʻyicha asosiy mutaxassisga hisoblanadi.
Oʻquvchilar orasida izolyatsiya, tajovuzkorlik, keskin ruhiy tebranishlar, tildan foydalanishdagi zoʻravonlik alomatlari erta bosqichda koʻrilsa, katta muammolarning oldi olinadi. Shu sababli maktab rahbariyati psixologik xizmatni kuchaytirishi, ota-onalar bilan hamkorlikni kengaytirishi kerak.
Mutaxassislar oʻqituvchi nutq madaniyatini ham alohida ahamiyatli deb biladi. Bolalar ustozdan nafaqat bilim, balki munosabatni ham o’rganadi. Agar oʻqituvchi sinfda oʻquvchilarni ajratadigan soʻzlar ishlatsa, milliy stereotiplarni tasdiqlasa yoki kimningdir kelib chiqshi ustidan kulsa, bu bolalar ongida jiddiy iz qoldiradi. Aksincha, adolatli va qatʼiy oʻqituvchi ayrim keskin vaziyatlarni yumshatib, sinf iqlimini barqaror ushlab tura oladi.
Ota-onalarning roli ham muhim ahamiyatga ega. Maktab qancha harakat qilmasin, bola uyida boshqa ruhiy kayfiyat koʻrsa, tarbiya natijasi sust boʻladi. Oilalarda milliy nafrat asosida suhbatlar, boshqalarni pastga uradigan iboralar, irqchilik kayfiyati mavjud boʻlsa, bola ham xuddi shu ruhda shakllanadi. Shu sababli, taʼlim muassasalari ota-onalar bilan uchrashuvlar, seminarlar, suhbatlar tashkil etib, ularni ham tarbiyaviy jarayonga jalb qilishi lozim.
Xalqaro tashkilotlar ham bolalarni yoshligidan muloqot, hamkorlik va hurmat madaniyatiga oʻrgatishni tavsiya qiladi.
Mutaxassislarning fikricha, bagʻrikenglik oʻrgatilmay qolsa, nafrat oʻzi kirib keladi. Shuning uchun maktablarda bugun nafaqat fizika va matematika o’qitilishi, balki insonni ham tarbiyalashi lozim.
