3 yoshga toʻlmagan farzandi bor pedagoglar uchun ish soati qanday taqsimlanadi?

3 yoshga toʻlmagan farzandi bor pedagoglar uchun ish soati qanday taqsimlanadi?

Mehnat kodeksining 397-moddasiga koʻra, 3 yoshga toʻlmagan bolaning budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga  (vasiysiga) mehnat haqini kamaytirmasdan haftasiga 35 soatdan oshmaydigan ish vaqti davomiyligi belgilanadi.

 

Demak, birinchidan, sizlardagi ish vaqti xaftasiga 36 soat va 6 kunlik ish xaftasi boʻyicha kunlik 6 soat boʻlsa, yosh bolangiz borligi sababli, 35 soatlik imtiyoz siz uchun kunlik 6 soatga toʻgʻri keladi. Biroq bunda haftada bir kun sizda 5 soatlik mezon qoʻllanilishi kerak.

 

Ikkinchidan, Mehnat kodeksining 407-moddasiga koʻra, 2 yoshga toʻlmagan bolaning ota-onasidan biriga  (vasiysiga) dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan tashqari bolani ovqatlantirish uchun qoʻshimcha tanaffuslar beriladi. Bu tanaffuslar kamida har 3 soatda, har biri 30 minutdan kam boʻlmagan davomiylikda beriladi. Ikki yoshga toʻlmagan 2 yoki undan ortiq nafar farzandi boʻlgan taqdirda, tanaffusning davomiyligi kamida 1 soat qilib belgilanadi. Bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi va oʻrtacha ish haqi boʻyicha haq toʻlanadi.

 

2 yoshga toʻlmagan bola otasining yoki onasining (vasiysining) xohishiga koʻra bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusga qoʻshib berilishi yoxud ish kunining (smenaning) tegishincha qisqartirilgan holda boshiga yoki oxiriga koʻchirilishi, shu jumladan jamlangan holda koʻchirilishi mumkin.

 

Shunga koʻra, ushbu holatda pedagoglar Mehnat kodeksining 407-moddasi bilan har kuni 1 soat ertaroq ketishi mumkin.

 

Shunda kunlik ish vaqti soat 8.00da boshlansa, umumiy holatda 15:00 da tugaydi, biroq  3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ota-onalard 14:00 da ketishi mumkin.

Avvalroq, 3 yoshga toʻlmagan farzandi bor pedagoglar attestatsiyaga jalb qilinmasligi haqida xabar bergan edik.