Ta’lim vazirliklarida ham Hisob palatasi vakili sifatida bosh inspektor lavozimi joriy etiladi

Ta’lim vazirliklarida ham Hisob palatasi vakili sifatida bosh inspektor lavozimi joriy etiladi

Prezidentning 2025-yil 18-dekabrdagi PF-252-son Farmoniga asosan 37 ta tashkilotda hisob palatasining bosh inspektori lavozimi joriy etildi.

 

Ushbu palataning bosh inspektor lavozimi joriy etiladigan davlat organlari va tashkilotlari ro‘yxatida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ham bor.

 

Farmonning 3-ilovasiga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarida Hisob palatasining vakili sifatida faoliyat olib boruvchi bosh inspektorning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

 

  1. Byudjet qonunchiligi buzilishi holatlarining oldini olish va ularning profilaktikasi yuzasidan amalga oshiriladigan ishlarni tashkil etish;

  2. Byudjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq maqsadli indikatorlar ijrosi bo‘yicha xavflarni baholash va samaradorligini tahlil qilish;

  3. Davlat tashqi qarzi va grantlar hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalarning loyiha baholash hujjatlaridan boshlab, ularning yakunlanishigacha bo‘lgan barcha jarayonlarni nazoratga olish;

  4. Davlat organlari va tashkilotlarining qo‘shimcha daromadlari va byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘laridan maqsadli foydalanishni monitoring qilish;

  5. Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining to‘g‘ri qo‘llanilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, manfaatlar to‘qnashuvi va affillanganlik holatlarini to‘xtatish choralarini ko‘rish;

  6. Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilgan obyektlarda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari xarajatlarini monitoring qilish;

  7. Davlat organlari va tashkilotlari “Situatsion markaz”larining faoliyati samarali amalga oshirilishini va Hisob palatasi bilan o‘zaro hamkorligini ta’minlash;

  8. Byudjet, tashqi qarz va grant mablag‘laridan samarali va tejamkorlik tamoyili asosida foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;

  9. Subsidiya­larning manzilliligi va maqsadliligini nazorat qilish hamda uning samaradorligini tahlil qilish;

  10. Ichki nazorat tuzilmalari xodimlari va “xavflarni boshqarish” qo‘mitalari a’zolarining faoliyati samaradorligini oshirish hamda muvofiqlashtirish;

  11. Davlat byudjeti xarajatlari samarali va maqsadli ishlatilishi bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa tadbirlarni amalga oshirish;

  12. Joriy nazorat natijalari bo‘yicha har choraklik hisobotni “Davlat auditi” dasturiy kompleksiga majburiy tarzda kiritish;

  13. Moliyaviy sohadagi korrupsiyaviy xatarlar aniqlangan taqdirda, darhol Hisob palatasi raisiga axborot berish va ma’lumotlarni “Davlat auditi” dasturiy kompleksiga kiritish.

 

Ular kurator sifatida tashkilotning moliyaviy faoliyatini nazorat qiladi.

 

Ta'lim vazirliklarida ham Hisob palatasi vakili sifatida bosh inspektor lavozimi joriy etiladi