Xabaringiz bor, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli buyrugʻiga muvofiq, oliy, oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari (davlat, nodavlat hamda xorijiy) va akademik litseylar talaba hamda o‘quvchilarining joriy o‘quv yili uchun qishki taʼtil muddati belgilangan.
Unga ko‘ra, qishki taʼtil 2025-yil 28-dekabrdan boshlanib, 2026-yil 10-yanvariga qadar (shu kuni ham) davom etadi.
Talaba va o‘quvchilarning qishki taʼtil davrida doimiy yashash hududlariga (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga) borib-kelishlarini qulaylashtirish maqsadida Transport vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ hamda “Uzbekistan Airways” AJ bilan hamkorlikda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratildi.
Avvalroq, Uzbekistan Airways o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalari va o‘quvchilari uchun barcha mahalliy aviaqatnovlarga ekonom-klass tariflariga 50% gacha chegirmalar e’lon qilgan edi.
Shuningdek, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ respublika oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarga qishki taʼtil mobaynida mahalliy yoʻnalishdagi qatnovlar uchun chegirmalar eʼlon qilgani haqida xabar bergan edik.
Shunga muvofiq, 2025-yil 18-dekabrdan 2026-yil 12-yanvariga qadar (shu kuni ham) talabalar va o‘quvchilar uchun 50 foiz chegirma asosida yo‘l chiptalari sotuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, Hukumatning 2017-yil 15-martdagi 140-sonli qaroriga muvofiq, 2025-2026-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari uchun qishki ta’til 28-dekabrdan boshlanadi. Boshlang‘ich 1-4-sinflarda esa 27-dekabr — shanba kunidan.
Ta’til 2026-yil 10-yanvargacha (14 kalendar kun) davom etadi.
2026-yil 11-yanvar yakshanba — dam olish kuniga to‘g‘ri kelgani bois, III chorak darslari 2026-yil 12-yanvardan boshlanadi.
