AQSHning Rod-Aylend shtati, Providens shahridagi Braun universiteti hududida sodir bo‘lgan otishma oqibatida o‘zbekistonlik talaba Muhammadaziz Umrzoqov halok bo‘ldi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Axror Burxonov xabar berdi.
O‘zbekistonning AQShdagi vakolatxonalari marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.
Qayd etilishicha, mazkur fojia natijasida begunoh insonlarning hayotdan ko‘z yumgani og‘ir yo‘qotish ekani ta’kidlangan. AQSh OAV xabariga ko‘ra, Braun universitetidagi voqea oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan va bir necha nafar yaralangan.
Ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining AQShdagi elchixonasi vakillari marhumning qarindoshlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, AQShning tegishli idoralari bilan hamkorlikda barcha masalalar yuzasidan yaqindan ish olib bormoqda.
AQSh OAV va rasmiy idoralar ma’lumotiga ko‘ra, otishma 13-dekabr kuni tushdan keyin universitetning Barus & Holley muhandislik binosida, yakuniy imtihonlar jarayonida sodir bo‘lgan. Voqeadan so‘ng kampusda shelter-in-place (binolarda qolish) tartibi joriy etildi, atrof hududga yuzlab xodimlar jalb etilgan holda keng ko‘lamli qidiruv ishlari olib borilgan.
Universitetning rasmiy sahifasida ma’lum qilinishicha, binoda 100 dan ortiq laboratoriyalar, o‘nlab o‘quv xonalari va kabinetlar mavjud. Braun Amerikaning eng nufuzli universitetlaridan biri bo‘lib, unda 7300 ga yaqin bakalavr va 3000 dan ortiq aspirant tahsil oladi.
Braun universiteti rahbariyati hodisani “fojiali kun” deb atab, kampusda motam kayfiyati hukm surayotganini bildirgan va talabalar hamda xodimlar uchun psixologik yordam resurslari ishga tushirilganini ma’lum qilgan.
Otishma yuzasidan tergov ishlari federal va mahalliy huquq-tartibot idoralari ishtirokida davom etmoqda.
