Maktab maslahatchisi lavozimi o‘quvchilarning yetakchilik, tashabbuskorlik va jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan hamda ularning ilmiy, madaniy, sport va ijtimoiy salohiyatini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Maktab maslahatchisi quyidagi asosiy vazifalarni bajaradi:
— umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi mazmunini yoritish, unda nazarda tutilgan g‘oya va maqsadlarni o‘quvchilar o‘rtasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish;
— “Kelajak” markazlarining tarmoq to‘garaklari faoliyatini tizimli tashkil etish;
— o‘quvchilarni tarixiy obidalar, madaniy yodgorliklar, milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan yaqindan tanishtirish;
— o‘quvchilarda yetakchilik qobiliyati, tashabbuskorlik va jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida turli loyihalar, klublar, debatlarni yo‘lga qo‘yish;
— madaniyat, san’at, kitobxonlik, sport va ekologik yo‘nalishlardagi loyihalarni tashkil etish, ular orqali o‘quvchilarda estetik didni shakllantirish, jismoniy faollikni oshirish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish hamda tabiatni muhofaza qilishga oid bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish;
— o‘quvchilarning maktabdan tashqari ta’lim muassasalariga jalb etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini tizimli ravishda shakllantirish va yuritish.
Shuningdek, maktab maslahatchilari o’quvchilar ta’lim-tarbiyasida asosiy mutaxassis bo’lishi belgilangan. Shu sababli, ularning oylik maoshi direktor o’rinbosarinikiga tenglashtirilgan.
Ushbu lavozimda ishlashni istagan talabgorlar tanlov.uzedu.uz platformasi orqali ariza qoldirishlari mumkin.
