Kuniga 3 soatdan ortiq vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadigan o‘smirlar xotira, diqqatni jamlash va lug‘at boyligi bo‘yicha testlardan yomonroq natija ko‘rsatadi. Bu xulosaga amerikalik olimlar maktab o‘quvchilarining kognitiv qobiliyatlariga bag‘ishlangan keng qamrovli tadqiqot davomida kelishdi.
Ijtimoiy tarmoqlarning foydalanuvchilar intellektiga ta’siri haqidagi savol anchadan beri muhokama qilinib kelmoqda, biroq ilmiy ma’lumotlar hanuz qarama-qarshi. Yangi fikr-mulohazalar uchun asos bo‘ladigan ma’lumotni AQShning San-Fransiskodagi Kaliforniya universiteti olimlari olib borgan tadqiqot taqdim etadi. Ular ijtimoiy tarmoqlarda sarflangan vaqt miqdorining o‘smirlarning kognitiv qobiliyatlari (mantiqiy fikrlash) bilan qanday bog‘liqligini o‘rgandi.
Olimlar 9–13 yoshdagi 6 554 nafar bolalarning ko‘rsatkichlarini tahlil qilishdi. Ular “O‘smirlarning miya rivojlanishi va kognitiv taraqqiyoti” nomli milliy tadqiqot dasturiga kiritilgan. Tadqiqot ishtirokchilari vaqt o‘tishi bilan ijtimoiy tarmoqdan foydalanish darajasi qanday o‘zgarganiga qarab uch guruhga bo‘lindi. Agar 9–10 yoshlarida deyarli barcha bolalar ijtimoiy tarmoqlarga kuniga atigi yarim soat ajratgan bo‘lsa, 13 yoshga kelib:
– 57,6% hali ham ulardan deyarli foydalanmagan (kuniga 20 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan);
– 36,6% ijtimoiy tarmoqlarda kuniga 1 soat 20 daqiqagacha vaqt o‘tkazadigan bo‘lgan;
– 5,8% esa tarmoqlarda kuniga uch soatdan ortiq vaqt sarflay boshlagan.
Ikki yil davomida mutaxassislar ishtirokchilarning diqqatni jamlash, xotira, ovoz chiqarib o‘qish, ma’lumotni qayta ishlash tezligi va lug‘at boyligi bo‘yicha test natijalarini kuzatib bordi va keyin bu ko‘rsatkichlarni taqqosladi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda eng faol bo‘lgan o‘smirlar eng past ballarni to‘plashgan. Ayniqsa xotira va lug‘at boyligi bo‘yicha testlarda guruhlar o‘rtasidagi farq eng yaqqol namoyon bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlardan deyarli foydalanmagan bolalar esa boshqa ikki guruhga nisbatan o‘rtacha yaxshiroq natijalarni ko‘rsatgan.
Tadqiqot mualliflari shuni qayd etadiki: guruhlar o‘rtasidagi farqlar statistik jihatdan ishonchli bo‘lsa-da, ular standart og‘ish bilan solishtirganda unchalik katta emas. Shuningdek, olingan ma’lumotlar faqat korrelyatsiyani ko‘rsatadi, ammo sabab-oqibat munosabatini isbotlamaydi. Avvalgi tadqiqotlardan birida shunday faraz ilgari surilganki, ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanadigan o‘smirlar o‘qishga kamroq vaqt ajratishi mumkin.
Shunga qaramay, mutaxassislarning fikricha, ularning xulosalari amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin: ijtimoiy tarmoqlardan yuqori darajada foydalanish bilan kognitiv funksiyalar o‘rtasidagi zaif, ammo barqaror bog‘liqlik bolalarning ijtimoiy platformalarga kirishini cheklash foydasiga dalillarni kuchaytiradi.

