Prezidentning 25-maydagi farmoniga asosan yangi tartib belgilandi. Unga ko‘ra, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi, shuningdek, oliy ta’limning tegishli bosqichiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan talabaga ikkinchi marta ta’limning ushbu bosqichi uchun davlat granti ajratilmaydi.
Shuningdek, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim to‘lov-kontrakt asosida amalga oshirilishi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda ham belgilab qo‘yilgan.
Farmon bandidagi yangi qoida ayni vaqtda talaba bo‘lib turganlarga tegishli hisoblanadi. Ya’ni endilikda oliy ta’limning tegishli bosqichiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan talabaga ikkinchi marta ta’limning ushbu bosqichi uchun davlat granti ajratilmaydi.
Ammo ushbu qaror to‘liq kontraktda o‘qish haqida emas. Negaki, yangi o‘quv yilidan davlat granti ijtimoiy-rag’batlantiruvchi hamda ta’lim granti tartibida taqsimlanishi sababli, talabaning o‘zlashtirishi yuqori bo‘lsa, 2-bosqichdan davlat grantiga o‘tishi mumkin. Qonunda talaba grantda o‘qigan bosqichi uchungina grant ajratilmasligi nazarda tutilgan.
Agar talaba 2 yil davomida davlat grantida o‘qib, keyin fikri o‘zgarib, boshqa yo‘nalishga qayta topshirsa va talabalikka yana grant asosida qabul qilinsa, unda unga 2 yil davomida grant ajratilmaydi, kontraktda o‘qishga majbur bo‘ladi. Lekin 3 va 4-kursda davlat grantiga o‘tishi mumkin.