Xabar berganimizdek, 2025-yil 26-noyabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–232-sonli Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, ta’limning barcha bosqichlarida yuridik ta’limni rivojlantirish maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab:
– umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 5–7-sinflarida tarbiya fani doirasida o‘quvchilarning huquqiy ongini shakllantirishga qaratilgan mavzularda vizual (komiks) kontentlardan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi;
– “Yurisprudensiya” hamda “Davlat va jamiyat boshqaruvi” ta’lim yo‘nalishida bakalavr darajasiga ega bo‘lgan shaxslarga qayta tayyorlov kurslaridan o‘tmasdan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida davlat va huquq asoslari fani bo‘yicha dars berishga ruxsat etiladi;
– huquq fanidan bilish darajasini baholash bo‘yicha test sinovini tashkil etish hamda uning natijalari asosida davlat namunasidagi sertifikat berish tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, yuridik ta’lim samaradorligi va sifati ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida 2026-yil 1-martdan boshlab, abituriyentlarni “Yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari, ichki ishlar organlari xodimlari, fan olimpiadalari g‘oliblari, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga tatbiq etiladigan imtiyozlardan tashqari “Yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishiga aloqador bo‘lmagan oliy ta’lim tashkilotlariga kirishdagi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilishi to‘xtatiladi.
Qolaversa, Toshkent davlat yuridik universitetda “Yurisprudensiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishidan boshqa turdosh ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilari uchun ikki yillik magistratura mutaxassisligi joriy qilinadi.
