“Yurisprudentsiya” ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda imtiyozlar ro’yxati qisqartirildi

“Yurisprudentsiya” ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda imtiyozlar ro’yxati qisqartirildi

Prezident Farmoniga asosan yuridik ta’lim samaradorligi va sifati ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida 2026-yil 1-martdan boshlab:

 

—abituriyentlarni “Yurisprudentsiya” ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari, ichki ishlar organlari xodimlari, fan olimpiadalari g‘oliblari, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga tatbiq etiladigan imtiyozlardan tashqari “Yurisprudentsiya” ta’lim yo‘nalishiga aloqador bo‘lmagan oliy ta’lim tashkilotlariga kirishdagi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilishi to‘xtatiladi;

 

—Universitetda “Yurisprudentsiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishidan boshqa turdosh ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilari uchun ikki yillik magistratura mutaxassisligi joriy qilinadi.

 

Ma’lumki, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab TDYU qoshidagi akademik litseyda qabul tartibi va parametrlari, shuningdek, oʻqish uchun toʻlov miqdori TDYU tomonidan mustaqil belgilangan holda, toʻlov-kontrakt, shu jumladan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida qoʻshimcha qabul tartibi joriy qilingan edi.

 

Yangi Farmon bilan ushbu tartibga ham o’zgartirish kiritildi. Unga ko’ra TDYU huzuridagi akademik litseylarning barcha fanlar bo‘yicha yuqori natijalarga ega bitiruvchilari «yurisprudentsiya yo‘nalishidagi oliy ta’lim tashkilotlariga kirish test sinovlarisiz, yakka tartibda suhbat o‘tkazish orqali, to‘lov-kontrakt asosida qabul parametrlaridan tashqari kirish huquqiga ega. (Avval faqat TDYU edi endi barcha yurisprudentsiya yo‘nalishidagi oliygohlarga kirish mumkin. Avval super ham bor edi, endi faqat oddiy kontrakt bilan)

 

Bunda mazkur tartib 2025/2026 o‘quv yiliga qadar Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseylarga qabul qilingan o‘quvchilarga nisbatan tatbiq etiladi. (Ya’ni 2026/2027 o’quv yilidan boshlab ushbu litseylarga qabul qilinadiganlar mazkur imtiyozdan foydalana olmaydi)

 

Avvalroq, Toshkent davlat yuridik universitetiga sobiq vazir o‘rinbosari rektor lavozimiga tayinlanishi kutilayotgani haqida xabar bergan edik.