Sharqiy Qozog‘iston viloyatida o‘qituvchilar ommaviy ravishda attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib chiqishmoqda. Ularning aytishicha, yangi baholash tizimiga kiritilgan “mualliflik dasturi” talabi bajarilishi imkonsiz bo‘lgani sababli ko‘plab pedagoglar malaka toifasiz qolgan. Bu haqda “31 kanal” ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda viloyatda qariyb 200 nafar pedagog attestatsiyadan o‘ta olmagan. O‘qituvchilar fikricha, baholash mezonlarining keskin o‘zgarishi va “mualliflik dasturini ishlab chiqish” bo‘yicha yuklatilgan talab mantiqan ham, amalda ham bajarilishi qiyin.
Mualliflik dasturi — bu pedagogning o‘z qarashlari, metodik yondashuvlari va kasbiy qadriyatlarini aks ettiruvchi ijodiy hamda professional loyiha hisoblanadi.
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Nazim Kaliakparovaning ta’kidlashicha, mualliflik dasturi uch bosqichda — sinovdan o‘tkazish, o‘quv rejasiga kiritish va amaliyotga joriy etish tarzida bajarilishi kerak.
“Bu ishlar yil boshida, ya’ni sentabrda amalga oshirilishi kerak. Ammo vaqt allaqachon o‘tib ketgan. Talabning aynan hozir qo‘llanilishi mantiqsiz” — deydi u.
O‘qituvchilar toifa pasaytirilsa, ularning maoshi qisqarishi, shuningdek, so‘nggi uch oy davomida olingan ustamalarni davlatga qaytarib berishlari mumkinligini qayd etmoqda.
Mahalliy ta’lim boshqarmasi vakillari esa mazkur masalada qo‘llaridan keladigani faqat attestatsiyadan o‘ta olmaganlarga baholash metodikasini tushuntirish ekanini aytishdi.
Bo‘lim rahbari Asel Buljanovaning so‘zlariga ko‘ra:
“2024 yilda mualliflik dasturini tayyorlash talabi mavjud bo‘lgan, ammo u asosiy baholash tizimiga kiritilmagan. Yanvarda Vazirlik buyruqqa o‘zgartirish kiritdi va ushbu talabni ball tizimiga qo‘shdi. O‘qituvchi shartlarning hech bo‘lmaganda bittasini bajarmasa, attestatsiyadan o‘tolmaydi. Buyruqni Vazirlik o‘zgartirgan, shuning uchun qo‘shimcha savollar bilan ularga murojaat qilinadi”.
Javoblardan qoniqmagan bir guruh pedagoglar sudga murojaat qilish niyatida ekanini bildirdi.
Ma’lumot uchun, bundan avvalroq O’zbekistonda ham o’qituvchilar attestatsiya savollari yuzasidan norozilik bildirishgan edi.
