Maktab o‘quvchilari uchun sumka og‘irligi belgilangan normativlarga mos ravishda yengil bo‘lishi kerak, bu esa o‘quvchilarning sog‘ligini saqlashda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Sanitariya-epidemiologiya qo’mitasining Toshkent shahar boshqarmasi, maktab o‘quvchilarining salomatligini himoya qilish maqsadida og‘ir sumkalarning ta’siri haqida ogohlantirgan. Mutaxassislar uzoq vaqt davomida og‘ir sumka ko‘tarish, o‘quvchilarning o‘sishi va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlangan.
Maktab o‘quvchilari uchun quyidagi sumka og‘irliklari tavsiya etiladi:
— 1-2-sinflar uchun — 1,5 kg dan ortiq bo‘lmasligi;
— 3-4-sinflar uchun — 2 kg dan ortiq bo‘lmasligi;
— 5-6-sinflar uchun — 2,5 kg dan ortiq bo‘lmasligi;
— 7-8-sinflar uchun — 3,5 kg dan ortiq bo‘lmasligi;
— 9-11-sinflar uchun — 4 kg dan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Bundan tashqari, sumkalarning ogʻirligi yana bir qancha omillar bilan belgilanadi:
— bolaning jismoniy holati;
— u sumkani koʻtarib yuradigan vaqt va masofa;
— sumkaning sifati.
Ogʻir sumka bola sogʻligiga yomon taʼsir qiladimi?
Reuters nashrining yozishicha, doimiy ogʻir sumka bilan maktabga qatnash bolaning orqa va boʻyin qismida ogʻriq, yelkasida esa noqulaylik hissiga sabab boʻlishi, charchoq kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Amerikalik pediatr Bredli Vaynbergning soʻzlariga koʻra, ogʻir sumka taqib yurish:
— bolaning qomati holati va harakat muvozanati oʻzgarishi sababli orqa va boʻyin ogʻrigʻi rivojlanishiga olib kelishi;
— bola muvozanatiga salbiy taʼsir qilishi sababli yiqilish va boshqa jarohatlarga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, mushak-skelet tizimida ogʻriq, notoʻgʻri tana tuzilishi ham ogʻir sumka koʻtarish sabab roʻy berishi mumkin.
Bolalarning oʻsish plitalari sumka ogʻirligi sabab ortiqcha stressdan taʼsirlanishi mumkin. Bu bilan ularning boʻy oʻsishi toʻxtamaydi. Lekin keyinchalik artritning erta boshlanishiga olib kelishi mumkin.
Toronto universitetida mehnat terapiyasi bo‘yicha dars beradigan Pet Maki (Pat McKee)ning aytishicha, bolalar ko‘pincha o‘z tana vaznining tavsiya etilgan 10–15 foizidan og‘ir bo‘lgan ryukzaklarni ko‘tarishadi.
“Agar kompyuter qarshisida uzoq vaqt noto‘g‘ri o‘tirishdan keladigan zo‘riqishni og‘ir ryukzaklarning bosimi bilan qo‘shsangiz, bunda organizmga yig‘ilma zo‘riqish tushadi”, — degan u intervyusida.
Texas shtatining Xyuston shahridagi fizioterapevt Bill Keys (Bill Case) so‘nggi besh yil ichida bo‘yin, bel va yelka sohalarida ortopedik muammolardan aziyat chekayotgan bolalar soni oshganini aytadi.
“Kompyuter va ryukzakning birgalikdagi ta’siri bolalarni g‘ayritabiiy holatda o‘tirishga majbur qilmoqda va aynan shundan turli muammolar kelib chiqmoqda,” – deya izoh berdi Keys.
U kompyuter foydalanuvchilariga yelka og‘riqlarini kamaytirish uchun tik o‘tirish va boshni orqaroq tutishni tavsiya etiladi.

