Prezidentning 2025-yil 24-noyabrda “Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–228-son Farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2026-yil 1-maydan arxiv xizmatlarini koʻrsatishda quyidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi, jumladan:
– talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazishda tegishli arxiv muassasasi yoki tashkilot rahbarining tavsiya xati;
– mavzuli soʻrovlar toʻgʻrisida maʼlumotnoma berishda soʻralayotgan hujjatning nusxasi.
2026-yil 1-martdan quyidagi arxiv xizmatlarini koʻrsatish muddatlari qisqartiriladi:
– arxiv hujjatlari yoki ularning koʻchirma nusxalarini Oʻzbekistondan tashqariga vaqtincha olib chiqish uchun ruxsatnoma berish muddati 15 ish kunidan 5 ish kunigacha;
– yaroqsiz holatga kelgan yoki yoʻqotilgan mehnat daftarchasidagi yozuvlarni tasdiqlash muddati 20 ish kunidan 10 ish kunigacha;
– oliy va oʻrta-maxsus taʼlim muassasasida oʻqiganlikni tasdiqlash haqidagi arxiv maʼlumotnomasini berish muddati 5 ish kunidan 2 ish kunigacha;
– arxiv hujjatlari, kitoblar va qoʻlyozmalarni raqamlashtirish (elektron nusxa olish) muddati 3 ish kunidan 1 ish kunigacha.
